WSJ: AQŞ Viktor Orbanga BMT baş katibi lavozimi üçün kurashishni taklif qildi

Dunyo

AQŞ prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orbanga BMT bosh kotibi lavozimiga nomzodini qo‘yishni taklif qildi. The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, Vaşington bu masalani Rossiya va Xitoy vakillari bilan muhokama qilgan, gazeta manbalarining aytishicha, ular bu g‘oyaga ijobiy munosabat bildirgan. Moskva va Pekin Orbanni qo‘llab-quvvatlashini omma oldida e’lon qilmagan.

WSJ: AQŞ Viktor Orbanga BMT baş katibi lavozimi üçün kurashishni taklif qildi
WSJ yozishicha, AQŞ rasmiylari ikki davlat vakillari bilan suhbatlarda BMTning kelajakdagi rahbari «Orban kabi kimdir» bo‘lishi kerakligini aytgan. Suhbatdoshlarning munosabati ijobiy bo‘lgach, Vaşington vengriyalik siyosatchining o‘z nomzodini ilgari surishini taklif qilgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Orban taklifga qiziqish bildirgan, biroq yakuniy qaror qabul qilmagan. U g‘alaba qozonishiga ishonch hosil qilmaguncha poygaga kirishni istamayapti. Sobiq bosh vazir izoh berishdan bosh tortgan.

WSJ manbalaridan biri Donald Tramp va AQŞ vitse-prezidenti Jey Di Vens Orban rozi bo‘lsa, uni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. Suhbatdoshning aytishicha, nomzodlik haqidagi e’lon 3 noyabrda bo‘lib o‘tadigan AQŞ Kongressiga oraliq saylovlardan keyin berilishi mumkin.

WSJ keltirgan AQŞ Davlat departamenti vakili Orban BMT Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan sakkiztasining ovozini olishi mumkinligini, bu ko‘rsatkich o‘ntaga yetishi ehtimoli borligini bildirgan. Kengash nomzodni tavsiya qilishi uchun kamida to‘qqizta ovoz va besh doimiy a’zoning hech biri veto qo‘ymasligi kerak. Shu sababli AQŞ, Rossiya va Xitoyning ehtimoliy ko‘magi ham muvaffaqiyatni kafolatlamaydi: Buyuk Britaniya va Fransiya ham veto huquqiga ega. Moskva va Pekin Orban nomzodini qo‘llashga tayyorligini rasman tasdiqlamagan.

Viktor Orban Vengriya hukumatini 16 yil boshqargan. Biroq uning «Fides» partiyasi 2026 yil aprelidagi parlament saylovlarida mag‘lub bo‘ldi va Orban bosh vazirlik lavozimini tark etib, muxolifatga o‘tdi. Amaldagi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning vakolat muddati 2026 yil 31 dekabrda yakunlanadi. Orban hozircha rasman nomzod sifatida ko‘rsatilmagan, uning poygada ishtirok etishi esa muhokama qilinmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing