Xusanovning "Man Siti"dagi ilk goli jahon chempionini hayratga soldi

Sport

Oʻzbekistonlik himoyachi Abduqodir Xusanov Angliyada oʻzini yorqin namoyon qildi. Uning Angliya Kubogi doirasidagi ilk goli nafaqat jamoasiga yordam berdi, balki jahon chempioni Emmanuel Petining eʼtiborini ham tortdi.

Xusanovning "Man Siti"dagi ilk goli jahon chempionini hayratga soldi
Fransiyalik sobiq futbolchi, oʻz vaqtida "Arsenal", "Chelsi" va "Barselona" klublarida toʻp surgan mutaxassis, Xusanovning jismoniy imkoniyatlarini yuqori baholab, uning oʻyin uslubi raqib hujumchilari uchun jiddiy xavf tug‘dirishini taʼkidladi.

"Abduqodir juda tezkor, kuchli va yakkakurashlarda qatʼiyatli himoyachi", — dedi Peti britaniyalik MEN nashriga bergan intervyusida. Futbol afsonasi yosh oʻzbek futbolchisining taktik fikrlashi yuqori ekanligini, u raqib harakatlarini oldindan sezib, maydonda ustunlikka intilayotganini qayd etdi.

Xusanov "Leyton Orient"ga qarshi oʻyinda "Manchester Siti" safida ilk golini urdi. Ikkinchi boʻlimda zaxiradan maydonga tushgan futbolchi 11 daqiqada gol urib, hujumga qo‘shilish borasidagi iqtidorini namoyish qildi.

Emmanuel Peti fikricha, kelajakda Xusanov "Man Siti" himoyasining asosiy oʻyinchisiga aylanishi va Angliya chempionatining yulduzlaridan biri boʻlishi mumkin. Hozircha esa u Yevropa futboliga moslashmoqda, ammo aniq narsa shuki – uning Premуer-ligadagi faoliyati yorqin start oldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing