Yevropa qishga rekord darajada past gaz zaxiralari bilan kirmoqda

Iqtisodiyot

Yevropa Ittifoqi 2026–2027-yillar isitish mavsumiga avvalgi yillarga nisbatan ancha past tabiiy gaz zaxiralari bilan yaqinlashmoqda. Avgust oyi boshida YI gaz omborlari 58 foizdan kam darajada to‘ldirilgan bo‘lib, bu 2011-yildan buyon ushbu davr uchun qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Yevropa qishga rekord darajada past gaz zaxiralari bilan kirmoqda
Vaziyat jahon bozorida suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) uchun raqobatning kuchayishi bilan murakkablashmoqda. Rossiya quvur gaziga qaramlikning kamayishi ortidan Yevropa LNG importiga ko‘proq tayanmoqda. Eron atrofidagi mojaro fonida Ormuz bo‘g‘ozi orqali tashuvlarning izdan chiqishi esa jahon LNG taklifining bir qismini chekladi. Mazkur yo‘nalish orqali odatda dunyo LNG ta’minotining qariyb beshdan bir qismi o‘tadi.

Yevropa Ittifoqi Energetika regulyatorlari hamkorlik agentligi (ACER) ma’lumotlariga ko‘ra, gaz omborlarini to‘ldirish sur’atlari avvalgi yillardagi darajadan pastligicha qolmoqda. Aprel boshida zaxiralar taxminan 28 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyulga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 49 foizga yetgan. Agentlik qishga tayyorgarlik uchun LNG importini oshirish va gazni omborlarga quyish sur’atlarini tezlashtirish zarurligini qayd etgan.

Shu bilan birga, avvalgi 1-noyabrgacha 90 foiz to‘ldirish maqsadi endilikda qat’iy talab sifatida qo‘llanmaydi. Yevropa qoidalari ma’lum moslashuvchanlikni nazarda tutadi, ACER esa yetarli LNG ta’minoti saqlangan taqdirda qishga qadar taxminan 80 foiz darajasiga erishish mumkinligini qayd etadi.

Bozordagi asosiy noaniqlik global talab va taklif nisbatiga bog‘liq. Yevropa LNG uchun Osiyo xaridorlari bilan raqobat qilmoqda, narxlarning keyingi dinamikasi esa Yaqin Sharqdagi vaziyat, yetkazib berish hajmlari va kelgusi qishning ob-havo sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing