Yevropani fermerlarning ommaviy noroziliklari qamrab oldi

Dunyo

Germaniya va Fransiyadan keyin norozilik namoyishlari Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlariga ham tarqaldi.

Yevropani fermerlarning ommaviy noroziliklari qamrab oldi
Yevropada Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi siyosatiga norozilik bildirgan fermerlarning qarshiligi kuchaymoqda. Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Belgiya, Niderlandiya, Polsha, Italiya va Vengriyadagi shaharlarning asosiy magistrallari va ko‘chalari yuzlab traktorlar bilan to‘sib qo‘yilgan.

Ma’lum boʻlishicha, Ularning talabi milliy qonunchilikni va Yevropa Ittifoqi tomonidan qishloq xo'jaligi sohasida o'rnatilgan standartlarni qayta ko'rib chiqishdir.

So'nggi paytlarda norozilik namoyishlari Yevropaning yangi poytaxtlari va shaharlariga tarqala boshladi.

Fermerlar Berlin, Parij va Rim hamda boshqa shaharlardagi asosiy yo‘llarni traktorlar bilan to‘sib, jamoatchilik e’tiborini jalb qilishga urinmoqda va Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi siyosati tufayli daromadlar kamayib borayotganidan shikoyat qilmoqda.

Xususan, dehqonlar qonunchilikning qat’iylashtirilgani, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan mablag‘larning kamayishi, Rossiya-Ukraina mojarosi fonida energiya, yoqilg‘i va o‘g‘itlarning qimmatligi, Ukrainadan arzon don mahsulotlari olib kelinishi va suvdan foydalanishga cheklovlar qo‘yilganidan norozi.

Germaniyada hukumatning qishloq xo‘jaligi sohasida subsidiyalarni bekor qilish rejasi tufayli o‘tgan yilning dekabr oyidan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda.

Polsha va Ruminiyada arzon Ukraina donini import qilishni taqiqlashni talab qilishsa, Fransiyada asosan yoqilg'i narxi oshishidan shikoyat qilmoqda.

Yevropa Ittifoqining eng yirik qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchisi Fransiyadagi fermerlar inflyatsiya, qishloq xo'jaligi importining ko'payishi va Yevropa Ittifoqining chiqindilarni kamaytirish va o'g'itlardan foydalanishni o'z ichiga olgan rejalariga norozilik bildirish uchun bir necha kundan beri Parij va boshqa shaharlardagi yo'llar va magistrallarni traktorlar bilan to'sib qo'yishdi. Ko'pgina fermerlar Yevropa Ittifoqining “Yashil bitimi”ni amalga oshirib bo'lmaydigan va qimmat deb hisoblashadi.

Ispaniyalik fermerlar ekinlar rentabelligini pasaytiruvchi va oziq-ovqat narxini oshirayotgan Yevropa Ittifoqining ekologik qoidalaridan norozi.

Xuddi shunday muammolar Polsha, Belgiya va Ruminiyadagi qishloq xo'jaligi sohasi vakillarini ham tashvishga solmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing