“Zakovat” I Osiyo ochiq chempionati yakunlandi

O'zbekiston

Toshkentda boʻlib oʻtgan “Zakovat” intellektual o‘yinining birinchi Osiyo ochiq chempionati yakunlandi. Yopilish marosimiga Saida Mirziyoyeva ham tashrif buyurdi. Umuimiy sovrin jamg‘armasi 200 million so‘mni tashkil etgan turnirda dunyoning 14 mamlakatidan 55 ta jamoa ishtirok etdi.

“Zakovat” I Osiyo ochiq chempionati yakunlandi
Toshkentda “Zakovat” intellektual o‘yinining birinchi Osiyo ochiq chempionati yakunlandi. Yopilish marosimi 13-avgust kuni “O‘zbekkino” ochiq pavilyonida tashkil etildi. Marosimga Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyev tashrif buyurdi.

“Men bunday ajoyib o‘yinlarni taqdim etgan barcha ishtirokchilar, ularning ota-onalari va ustozlarini alohida tabriklayman. Toshkent — barchamiz uchun butun dunyoni hamjihatlik, do‘stlik va insoniylik sari o‘zgartirgan burilish nuqtasi bo‘lib qolishiga umid qilib qolaman”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram sahifasida.

Umuimiy sovrin jamg‘armasi 200 million so‘mni tashkil etgan turnirda dunyoning 14 mamlakatidan: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Belarus, Armaniston, BAA, Daniya, Isroil, Latviya, Germaniya, Kiprdan tashrif buyurgan 55 ta jamoa ishtirok etdi.

Olti tur, 90 ta savoldan iborat turnir keskin kurashlarga boy o‘tdi va g‘oliblar qo‘shimcha savol javoblar yordamida aniqlandi. O‘yin natijasi:

• 1-o‘rin GG jamoasi (O‘zbekiston-Armaniston-Qozog‘iston terma jamoasi, 100 million so‘m mukofot);
• 2-o‘rin "Borskiy korabel" jamoasi (Rossiya, 60 million so‘m);
• 3-o‘rin Basenji (Rossiya va Qozog‘iston terma jamoasi, 40 million so‘m).

Shuningdek, Osiyo ochiq chempionati doirasida "Breyn-ring" bo‘yicha turnir bo‘lib o‘tdi. Finalda "Zakovat" o‘yinlarida O‘zbekiston chempioni "Misteriya" jamoasi va "Basenji" jamoalari kurash olib borishdi. Yakunda "Basenji" jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, birinchi Osiyo ochiq chempionati kubogi sohibi bo‘ldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing