Zalujniy Zelenskiy bilan ziddiyat haqida gapirdi: tintuvlar, bahslar va muvaffaqiyatsiz qarshi hujum

Dunyo

Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi, sobiq bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniy Associated Press agentligiga bergan intervyusida prezident Vladimir Zelenskiy bilan jiddiy kelishmovchiliklar bo‘lganini aytdi.

Zalujniy Zelenskiy bilan ziddiyat haqida gapirdi: tintuvlar, bahslar va muvaffaqiyatsiz qarshi hujum
Uning so‘zlariga ko‘ra, nizo keng ko‘lamli urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay yuzaga kelgan va 2022 yil kuzida keskinlashgan. O‘shanda, Zalujniyning aytishicha, Kiyevdagi uning kabinetiga o‘nlab SBU xodimlari tintuv bilan kelgan.

Ular tintuv sababini tushuntirmagan, hujjatlar va kompyuterlarni tekshirmoqchi bo‘lgan. Zalujniy buni bosim deb baholab, bunga yo‘l qo‘ymaganini aytdi. U prezident administratsiyasi rahbari Andrey Yermakka qo‘ng‘iroq qilib, bu “hujumni qaytarishini” aytgan. SBU rahbari Vasiliy Malyuk esa bu operatsiya haqida bilmaganini bildirgan.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, tintuv boshqa obyekt bo‘yicha berilgan order asosida o‘tkazilgan. Hujjatlarda o‘sha manzilda jinoiy guruh boshqaradigan striptiz-klub borligi ko‘rsatilgan, biroq u urushdan oldin yopilgan.

SBU keyinchalik bu davrda boshqa jinoyat ishi doirasida ko‘plab manzillarda tintuvlar o‘tkazilganini, Zalujniy joylashgan manzilda esa hech qanday tergov harakatlari bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Intervyuda Zalujniy 2023 yil yozidagi qarshi hujum tayyorgarligini ham tanqid qildi. Uning aytishicha, dastlabki reja kuchlarni bir joyga jamlab, Azov dengiziga chiqish va Qrimga ta’minot yo‘llarini uzishni ko‘zda tutgan. Biroq resurslar keng front bo‘ylab tarqatilgani sabab hujum kuchsizlashgan.

Zelenskiy esa avvalroq qarshi hujum kutilgan natijani bermaganini tan olib, buni qurol yetishmasligi va qo‘shinlar sonining cheklanganligi bilan izohlagan.

Zalujniy 2024 yil fevralidagi iste’fodan beri harbiy qarorlar qabul qilishda qatnashmayotganini, ammo frontdagi vaziyatni kuzatib borayotganini aytdi. U prezident bilan ikki marta do‘stona suhbat bo‘lganini ham qo‘shimcha qildi.

U saylovlarda ishtirok etish masalasini muhokama qilishdan bosh tortdi. Shunga qaramay, 2026 yil boshidagi so‘rovlarda u Zelenskiyning asosiy raqibi sifatida ko‘rsatilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing