14 mln tonna chiqindidan milliardlab so‘mlik xomashyo

O'zbekiston

O‘zbekiston chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirmoqda: zamonaviy zavodlar qurilmoqda, biznes uchun imtiyozlar joriy etilmoqda, yaqin kelajakda aholi chiqindi tashish mashinalari ishini onlayn kuzatishi mumkin bo‘ladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu boradagi ishlarni jadallashtirish, ekologik madaniyatni bog‘chadan boshlab rivojlantirishni talab qildi.

14 mln tonna chiqindidan milliardlab so‘mlik xomashyo
14-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlash va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bilan tanishdi.

So‘nggi uch yilda soha uchun 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi, Chiqindilarni boshqarish agentligi tashkil etildi, 1,2 ming dona texnika xarid qilindi, mahallalarda chiqindi yig‘ish maydonchalari qurildi. Ilgari davlat monopoliyasida bo‘lgan soha tadbirkorlarga ochildi: sanitariya-tozalash va qayta ishlash korxonalari uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilandi, texnika va uskunalar importi bojxona boji to‘lashdan ozod qilindi. Natijada 200 ga yaqin sanitariya-tozalash va 290 qayta ishlash korxonasi ishga tushdi.

Mamlakatda har yili qariyb 14 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi, ammo qayta ishlash darajasi atigi 5%. Chiqindilarning chorak qismini qog‘oz, plastmassa, shisha, rezina va mato qoldiqlari tashkil qiladi — ularni qayta ishlash orqali 1 trillion so‘mgacha xomashyo olish mumkin. Qurilish, kimyo, elektronika va texnik chiqindilar hamda sanoat moylarini qayta ishlashda ham katta salohiyat bor.

Davlat chiqindilardan energiya ishlab chiqarish loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi: xitoylik investorlar oltita hududda shunday zavodlar qurmoqda. Toshkentda tibbiy chiqindilarni yoqish orqali issiqlik olishga mo‘ljallangan ikkita korxona ishga tushirildi, shunday loyihalar Samarqand va boshqa hududlarda ham amalga oshiriladi.

Aholi uchun xizmat sifati ham e’tiborda. Har bir mahalla va ijtimoiy muassasalarga ikki yil ichida konteynerlar yetkazib beriladi, shuningdek, chiqindi mashinalari marshrutlarini onlayn kuzatish imkoniyati yaratiladi. Prezident ekologik madaniyatni bolalikdan shakllantirish zarurligini ta’kidladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing