25 dan ortiq davlat raqamli muhitda inson huquqlarini himoya qilish yondashuvlarini kelishib oldi

O'zbekiston

O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili tashabbusi bilan o‘tkazilgan «Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Hujjat raqamli texnologiyalar rivojlanayotgan sharoitda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, raqamli inklyuziya va xalqaro hamkorlik bo‘yicha umumiy yondashuvlarni belgilaydi.

25 dan ortiq davlat raqamli muhitda inson huquqlarini himoya qilish yondashuvlarini kelishib oldi
Konferensiyada 25 dan ortiq mamlakat ombudsmanlari, milliy inson huquqlari institutlari va xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, parlamentariylar, davlat va jamoat tashkilotlari ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan BMT Taraqqiyot dasturi, O‘zbekistondagi YXHT loyihalari koordinatori va Konrad Adenauer jamg‘armasi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Konferensiyani Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ochib berdi.

Ishtirokchilar shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, sun’iy intellektdan foydalanishda mas’uliyatni ta’minlash, internet muhitida diskriminatsiya va zo‘ravonlikning oldini olish hamda raqamli xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uchta mavzuli sessiyada ayollar va yoshlarning raqamli muhitdagi huquqlarini himoya qilish, kiberbulling va onlayn zo‘ravonlikka qarshi kurashish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv raqamli xizmatlarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Konferensiya doirasida Ombudsman va milliy hamda xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar ham imzolandi. Toshkent deklaratsiyasi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, raqamli inklyuziyani kengaytirish va raqamli muhitda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing