Aero Nomad Bishkek va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi

O'zbekiston

Qirg‘izistonning Aero Nomad aviakompaniyasi Bishkek — Toshkent — Bishkek yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni boshladi. Birinchi reys 23-avgust kuni amalga oshirildi: Airbus A320 samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga mahalliy vaqt bilan soat 22:22 da qo‘ndi.

Aero Nomad Bishkek va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi
Samolyot aeroportda an’anaviy suv arkasi bilan kutib olindi, yo‘lovchilarga esa milliy taomlar taqdim etildi. Bishkekdan Toshkentga ilk reys bilan 163 nafar yo‘lovchi yetib kelgan bo‘lsa, qaytish reysiga 74 nafar yo‘lovchi ro‘yxatdan o‘tdi.

Aero Nomad haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari — Airbus A320 samolyotlarida parvozlarni amalga oshiradi. Yangi yo‘nalish ishga tushirilishi bilan ikki poytaxt o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni amalga oshirayotgan aviakompaniyalar soni uchtaga yetdi. Ushbu yo‘nalishda, shuningdek, Uzbekistan Airways va Centrum Air faoliyat yuritadi.

Qirg‘iziston aviakompaniyasi O‘zbekistondagi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, Bishkekdan Samarqand va Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganilmoqda. Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha muzokaralar Toshkent bilan muntazam qatnovlar boshlanishidan avval ham olib borilgan.

Aero Nomad 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Bishkekdagi Manas xalqaro aeroportida joylashgan. Aviakompaniya Airbus A320 oilasiga mansub samolyotlarda muntazam va charter reyslarni amalga oshiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing