AI ALLEY Dushanbeda startaplar, dasturchilar va universitetlarni birlashtiradi

Texnologiya

Sun’iy intellekt, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan AI ALLEY ochiq shahar festivali 5-sentabr kuni Dushanbedagi «Kurushi Kabir» bog‘ida bo‘lib o‘tadi. Tadbir bir maydonda IT-kompaniyalar, startaplar, universitetlar, IT-maktablar, dasturchilar va keng jamoatchilikni birlashtiradi.

AI ALLEY Dushanbeda startaplar, dasturchilar va universitetlarni birlashtiradi
Tadbir O‘zbekiston emas, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar agentligi tomonidan tashkil etilmoqda. Festival soat 17:00 dan 22:00 gacha davom etadi. Agentlik mamlakatda innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi markaziy ijroiya organ hisoblanadi.

AI ALLEY, tojikcha «Xiyoboni zehni sun’iy» nomi bilan ham ataladigan festival dasturi to‘rtta tematik hududga bo‘linadi. MAIN STAGE’da rasmiy ochilish marosimi, amaliy chiqishlar, texnologik namoyishlar, tanlovlar, taqdirlash marosimi va yakuniy shou o‘tkaziladi.

EXHIBITION ZONE’da IT-kompaniyalar, tashkilotlar, startaplar va ta’lim muassasalari o‘z ishlanmalari hamda amaldagi texnologiyalarini namoyish etadi. Tashrif buyuruvchilar interaktiv taqdimotlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

AI EDUCATION ZONE doirasida master-klasslar, qisqa ma’ruzalar, kasbiy maslahatlar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi. AI DISCO ZONE esa musiqa, raqamli vizual effektlar, robot-DJ, o‘yinlar va raqs interaktivlarini birlashtiradi.

Festival dasturida, shuningdek, universitetlar va IT-maktablar stendlari, loyihalar va robototexnika namoyishlari, sun’iy intellektdan foydalangan holda ijodiy va mantiqiy topshiriqlar, viktorinalar, sovrinli o‘yinlar hamda kelajak texnologiyalari g‘oyalari tanlovi ham o‘rin olgan. Festival ishtirokchilari sun’iy intellekt va raqamli yechimlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha o‘z tajribalarini taqdim etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing