Alifbo masalasiga qat’iy nuqta qo‘yishimiz zarur — Saida Mirziyoyeva

O'zbekiston

11−12-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan jadidchilik harakati va g‘oyalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada nutq so`zlagan O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston nomi turli joylarda har xil va noto‘g‘ri yozilishini ta’kidlab, alifbo islohoti bo‘yicha bahslarga qat’iy nuqta qo‘yishni hamda ayrim o‘zgarishlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi islohoti bo‘yicha bahs va tortishuvlarni to‘xtatib, ayrim o‘zgarishlarni joriy etish zarur.

Alifbo masalasiga qat’iy nuqta qo‘yishimiz zarur — Saida Mirziyoyeva
Saida Mirziyoyeva tadbir avvalida nutq so‘zlarkan, zalda o‘tirganlarga taqdimotda ko‘rsatilgan “O‘zbekiston” nomlaridan qaysi biri to‘g‘ri yozilgani haqidagi savol bilan yuzlandi. U butun boshli davlat va millatning nomi turli joylarda har xil va noto‘g‘ri yozilishini, shuning uchun ham buni tuzatish zarur ekanini ta’kidladi.

“Misol uchun, bir qarashda oddiy tuyulgan imlo belgisi butun boshli davlat va millatning nomi xato yozilishiga sabab bo‘lmoqda. Biz bunday masalalarda hadeb bahslashavermay, tezroq qaror qabul qilishimiz muhim. Chunki, gap bizning millatimiz, g‘ururimiz, yurtimiz nomi haqida ketyapti. To‘g‘ri, alifbo islohoti yangi bahslar, tortishuvlar, ko‘zda tutilmagan moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Lekin yana bir bor ta’kidlayman, gap Vatan va millat nomini to‘g‘ri yozish haqida ketar ekan, bunday bahs va tortishuvlarni bas qilishimiz, alifbodagi ayrim o‘zgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qat’iy nuqta qo‘yishimiz zarur, deb hisoblayman!”, dedi Prezident yordamchisi.

U nutqi davomida tarixda yo‘l qo‘yilgan bu xatolarni tuzatish uchun siyosiy iroda, imkoniyat va sharoit borligini va bir musht bo‘lib harakat qilish kerakligini qayd etdi.

“Biz o‘tmishda juda ko‘p xatolar qildik, yurt ravnaqi, millat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilganlarni xor qildik, ziyolilarni, jadidlarni qirib, o‘qituvchilarni qulga aylantirdik. Tarixda yo‘l qo‘yilgan bu xatolar hali uzoq vaqt o‘z ta’sirini ko‘rsatsa kerak, menimcha. Lekin bir narsa aniq: ushbu xatolarni tuzatish uchun bugun siyosiy iroda, imkoniyat va sharoit bor. Agar biz bu imkoniyatni qo‘ldan boy bersak, umumiy g‘oyalar atrofida birlashmasak, oddiygina qilib aytganda, bir kuch, bir musht bo‘lib harakat qilmasak, kelajak bizni kechirmaydi”, dedi Saida Mirziyoyeva.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing