Amerikacha tinchlik: urushni tugatish rejasidagi 28 band nimalardan iborat

Dunyo

Axios AQSh tomonidan taklif qilingan urushni tugatish rejasining to‘liq matnini e’lon qildi. Hujjatda hududiy, harbiy va siyosiy shartlar batafsil bayon etilgan.

Amerikacha tinchlik: urushni tugatish rejasidagi 28 band nimalardan iborat
28 banddan iborat rejada eng muhim masalalardan biri — hududlar — hujjatning 21-bandida joylashgan. Shu bilan birga, Rossiyani jahon iqtisodiyotiga “qayta integratsiya qilish” bo‘yicha choralar 13-banddayoq keltirilgan.

Rejaga ko‘ra, Qrim, Lugansk va Donetsk amalda Rossiyaga tegishli hududlar sifatida tan olinadi. Xerson va Zaporojye esa to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab “muzlatilgan” hududga aylantiriladi. Ukraina hozir nazorat qilayotgan Donetsk viloyatining bir qismidan o‘z qo‘shinlarini chiqaradi — bu hudud Rossiyaga tegishli bo‘lgan, xalqaro tan olingan neytral demilitarizatsiya qilingan zona hisoblanadi.

Hujjatda birinchi bor Ukraina xavfsizligini kafolatlash masalasi tilga olinadi, ammo aniq mexanizmlar ko‘rsatilmagan. Faqatgina shunday deyiladi: agar Rossiya yana bostirib kirsa, G‘arb “keskin va muvofiqlashtirilgan harbiy javob” beradi va barcha sanksiyalarni qayta tiklaydi.

Reja bo‘yicha Ukraina NATOga qo‘shilmaslikni Konstitutsiyasida mustahkamlashi kerak. NATO ham buni o‘z ustaviga kiritishi lozim. Shu bilan birga, Ukraina uchun Yevropa Ittifoqi a’zoligiga ruxsat beriladi.

NATO davlatlari Ukrainada qo‘shin joylashtira olmaydi.
Ukraina armiyasi soni 600 ming askarga qisqartiriladi (hozir — 800–850 ming, urushdan oldin — 250 ming).

Kiyev yadrosiz maqomini saqlab qoladi va kelishuv kuchga kirgandan 100 kun o‘tib saylov o‘tkazadi.

Rossiya tarafidan reja bosqichma-bosqich sanksiyalarni bekor qilishni, AQSh bilan energetika va Arktikada nodir metallar qazib olish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni, shuningdek Moskvaning qayta G8 formatiga taklif qilinishini nazarda tutadi.

Hujjatda Ukrainani tiklash choralari ham bor: Taraqqiyot jamg‘armasini yaratish, vayron bo‘lgan hududlarni qayta qurish va gaz infratuzilmasini modernizatsiya qilish.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing