Andrash Baka Vengriyaning yangi prezidenti etib saylandi: 140 deputat uning nomzodini qo‘llab-quvvatladi

Siyosat

Vengriya parlamenti 11-avgust kuni Oliy sudning sobiq raisi Andrash Bakani mamlakat prezidenti etib sayladi. Yashirin ovoz berishda uning nomzodini 140 deputat qo‘llab-quvvatladi, olti nafar deputat qarshi ovoz berdi, betaraflar bo‘lmadi.

Andrash Baka Vengriyaning yangi prezidenti etib saylandi: 140 deputat uning nomzodini qo‘llab-quvvatladi
Baka prezidentlik lavozimiga yagona nomzod bo‘lgan va uning nomzodini hukmron «Tisa» partiyasi ilgari surgan. Yangi prezident 19-avgust kuni lavozimiga kirishishi kutilmoqda. Ungacha davlat rahbari vazifasini parlament spikeri Agnes Forsthoffer bajaradi.

Saylov Tamash Shuyokning prezidentlik vakolatlari tugatilganidan keyin bo‘lib o‘tdi. Shuyok Viktor Orban hukumati davrida prezident etib tayinlangan edi. Parlament Konstitutsiyaga 17-o‘zgartirishni qabul qilganidan so‘ng Shuyok hujjatni imzoladi va lavozimini tark etdi.

Baka o‘zining kirish nutqida hokimiyatlar o‘rtasidagi muvozanat va tiyib turish tizimini tiklash, shuningdek, turli siyosiy qarashlarni erkin ifodalash imkoniyatini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishmovchiliklar kuch ishlatish orqali hal qilinmasligi, qonun buzilishi bilan bog‘liq holatlar esa huquqiy tartibda ko‘rib chiqilishi kerak.

«Davlat o‘zi uchun emas, inson uchun mavjud», — dedi saylangan prezident.

«Fides» partiyasi ovoz berishni boykot qilib, Baka saylovini noqonuniy deb atadi va Shuyokni davlat rahbari sifatida tan olishda davom etishini bildirdi. Baka 19-avgust kuni rasman lavozimiga kirishishi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing