AQSh oziq-ovqat mahsulotlarida sun’iy bo‘yoqlarni taqiqlamoqchi
Dunyo
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati oziq-ovqat mahsulotlari va dorilarda sun’iy bo‘yoqlardan foydalanishni taqiqlamoqchi. Kichik Kennedi esa bo‘yoqlar va qo‘shimchalar muammosini “ekzistensial” tahdid deb atadi.
AQSh Oziq-ovqat va dori vositalari sifati bo‘yicha boshqarmasi (FDA) rahbari Marti Makari 22-aprel, seshanba kuni, so‘nggi 50 yil davomida AQShdagi bolalar tobora ko‘proq zaharli sun’iy kimyoviy moddalar ta’siriga uchrayotganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, diabet, saraton, ovqat hazm qilish tizimi bilan bog‘liq kasalliklar, shuningdek, diqqat yetishmovchiligi va giperfaollik sindromi kabi xatti-harakat buzilishlari sun’iy bo‘yoqlar bilan bog‘liq.
FDA AQSh sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligi tarkibida faoliyat yuritadi. Vazir Robert Kennedi-kichik surunkali kasalliklarga qarshi kurash e’lon qilib, “xavfsiz va sog‘lom oziq-ovqat, toza suv hamda atrof-muhitdan toksinlarni yo‘q qilish”ga alohida urg‘u berilishini aytdi. 22-aprel kuni u sun’iy bo‘yoqlar va qo‘shimchalar muammosini “ekzistensial tahdid” deb atadi.
Yangi rejaga ko‘ra, oziq-ovqat sanoati vakillari ushbu talablarni asosan ixtiyoriy asosda bajaradilar. Tramp ma’muriyati yaqinda e’lon qilgan tashabbusga ko‘ra, 2026-yil oxiriga qadar sakkizta sun’iy oziq-ovqat bo‘yoqlaridan bosqichma-bosqich voz kechish ko‘zda tutilgan, deb xabar berdi AFP.
AFP agentligining eslatishicha, Robert Kennedi-kichik uzoq yillardan beri fitna nazariyalari tarafdori va vaksinalarga qarshi pozitsiyasi bilan tanilgan. U ilgari ekolog-huquqshunos bo‘lib ishlagan va sog‘liqni saqlash borasidagi qarashlari ko‘p hollarda bahsli hisoblanadi.
2024-yil noyabr oyidagi AQSh prezidentlik saylovlari oldidan Kennedi AQSh qishloq xo‘jaligi siyosatini qayta ko‘rib chiqish va mahalliy hokimiyatlarni suvga ftor qo‘shishni to‘xtatishga majbur qilish istagini bildirgan edi.
Powered by Froala Editor