Armaniston YeIga ariza berishga tayyorlanmoqda va temir yo‘llar boshqaruvini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda

Siyosat

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan yaqin besh yil ichida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) faol ishtirokni qayta tiklashni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, hukumat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza berish jarayonini boshlash va mamlakat temir yo‘llarini boshqarish shaklini o‘zgartirish masalasini ilgari surmoqda.

Armaniston YeIga ariza berishga tayyorlanmoqda va temir yo‘llar boshqaruvini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda
Pashinyan 24-avgust kuni Milliy Majlisdagi chiqishida KXShT Armanistonni tashkilotdan chiqarib yuborsa, bundan mamnun bo‘lishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Yerevanning KXShTga qiziqishi «tugagan». Armaniston 2024-yil fevral oyida tashkilot faoliyatidagi ishtirokini muzlatgan edi.

Shu bilan birga, Yerevan Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish yo‘nalishini davom ettirmoqda. Pashinyan Armaniston yaqin vaqt ichida YeIga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza berish jarayonini boshlashi mumkinligini bildirdi. Ariza topshirilib, YeI javobi olingach, «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilishi va undan keyin masala referendumga chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Bosh vazir temir yo‘l infratuzilmasi masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. U Rossiya tomonini «moslashuvchanlik ko‘rsatishga» va temir yo‘l konsessiyasini Armaniston hamda Rossiya uchun maqbul bo‘lgan uchinchi davlatga berishga chaqirdi. Pashinyanning fikricha, Rossiya boshqaruvi xalqaro investorlar va tashuvchilar uchun qo‘shimcha xavflarni yuzaga keltirib, Armanistonning xalqaro transport tarmog‘iga integratsiyalashuviga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Pashinyan bu masalani TRIPP (Trump Route for International Peace and Prosperity) loyihasi bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, loyiha Armanistonning mintaqaviy va xalqaro transport yo‘nalishlariga integratsiyasini kengaytirishi mumkin.

Rossiya tomoni ham munosabat bildirdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yerevan KXShTga a’zolikni zarur deb hisoblamasa, tashkilotdan chiqish huquqiga ega ekanini aytdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing