Avstraliya parlament a'zosi Tramp tariflarini "pastkashlik" deb atadi

Siyosat

Avstraliya sanoat vaziri Ed Hyuzik Donald Trampning alyuminiy va po‘latga qo‘yilgan tariflarini "pastkashlik" deb atadi. Tramp ma'muriyati Avstraliyaning ushbu tariflardan ozod bo‘lish bo‘yicha so‘rovini rad etdi. Natijada, endilikda AQShga eksport qilinadigan barcha po‘lat va alyuminiy uchun 25% boj to‘lanadi.

Avstraliya parlament a'zosi Tramp tariflarini "pastkashlik" deb atadi
O‘tgan oyda Tramp Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanizga "katta e'tibor" berilishini va’da qilgan edi. Shunga qaramay, Oq uy savdo maslahatchisi Piter Navarro Avstraliyani AQShga "arzonga po‘lat va alyuminiy chiqarishda" ayblab kelgan.

Bosh vazir chorshanba kuni Avstraliyaga istisno berilmagani uchun tanqidga uchradi. Opozitsiya yetakchisi Piter Datton buni hukumatning "muvaffaqiyatsizligi" deb atadi va Tramp bilan hatto telefon orqali gaplasha olmaganini tanqid qildi.

Biroq, AQShdagi sobiq elchi Artur Sinodinos ABC 7.30 telekanaliga bergan intervyusida Avstraliyaga istisno berilish ehtimoli "50% dan ham kam" ekanini aytdi. "Bu qarorni oldindan kutishimiz kerak edi," dedi sobiq senator Sinodinos.

"Bu bir asrdan ortiq davom etgan do‘stlikdan keyin qilingan pastkash harakat. Avstraliyaliklar ko‘p yillardan beri amerikaliklar bilan yonma-yon turib kelgan. Avstraliyaliklar amerikaliklar bilan birga qon to‘kkan. Biz nafaqat milliy xavfsizlik, balki iqtisodiy xavfsizlik masalasida ham birga harakat qildik." dedi sanoat vaziri Hyuzik.

Mustaqil senator Jakki Lembi esa Avstraliya Trampga qarshi turishi kerakligini ta’kidladi. "Amerika endi ishonchli ittifoqchi emas – umid qilamanki, bu o‘zgaradi, lekin hozircha biz AQSh bizni har doim qo‘llab-quvvatlaydi deb o‘ylashni bas qilishimiz kerak. Tramp faqat o‘z manfaatini o‘ylaydi" dedi u.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing