Avtomobilni bolalarga berish uchun javobgarlik qonun bilan kuchaytiriladi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev voyaga yetmaganlarga avtomobil berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirig‘ini berdi. Bunga tashvishli ma’lumotlar sabab bo‘ldi: birgina Namanganda har oyda 10-15 nafar o‘smir yo‘l-transport hodisalarida jarohat oladi, ko‘p holatlar o‘lim bilan yakunlanadi.

Avtomobilni bolalarga berish uchun javobgarlik qonun bilan kuchaytiriladi
Prezident maktab ta’limi muammolari va dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida o‘sib kelayotgan avlodga ta’sir ko‘rsatayotgan ijtimoiy tahdidlarga alohida to‘xtaldi.

Qayd etilishicha, 7-11-sinf o‘quvchilari kuniga 8 soatgacha vaqtini telefon va ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani maktab direktorlari, pedagoglar va ota-onalarni jiddiy tashvishga solmoqda.

Ayniqsa, bir qator hududlarda, xususan, Namangan viloyatida avtomobillarni bolalarga berib yuborish holatlari ko‘payib borayotgani tashvishli holdir.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, buning oqibatida har oyda 10-15 nafar o‘smir jarohat oladi, jumladan, o‘lim bilan tugaydi.

Prezident ichki ishlar idoralari rahbarlari, viloyat va tuman darajasidagi prokurorlar sustkashlikka yo‘l qo‘yib, nazoratni susaytirganini ko‘rsatib o‘tdi. Shu munosabat bilan quyidagilar topshirildi:

"Avtomobil boshqaruvini voyaga yetmagan shaxsga o‘tkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish."

Yig‘ilish yakunida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga tizimdagi asosiy muammolarni tezkor aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan 90 kunlik alohida ish rejimiga o‘tish topshirildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing