Ayrim dehqonlarga 100 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi

O'zbekiston

Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari uchun yangi subsidiya va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi joriy etildi. Bu tizim Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Ayrim dehqonlarga 100 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi
2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmonga koʻra, quyidagi moliyaviy yordam mexanizmlari yoʻlga qoʻyiladi:

Har yili 500 ta mahallada eng ilgʻor va innovatsion tomorqa loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 100 BHM (bazaviy hisoblash miqdori) gacha grantlar ajratiladi.

Usta dehqonlarga subsidiya

Qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etgan usta dehqonlarning xarajatlari 15 BHM gacha subsidiya orqali qoplanadi.

Mahallaning 50 foiz xonadonlari eksportbop mahsulot yetishtirishni yoʻlga qoʻygan taqdirda, usta dehqonlarga 100 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi.

Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, quritish, saqlash va qadoqlash loyihalariga 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha tijorat banklari orqali kreditlar ajratiladi. Bu kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori miqdorda taqdim etiladi.

Aholi tomorqalarida va ijara yerlarida muzlatkichli omborxonalar, qadoqlash, quritish va qayta ishlash uskunalari hamda issiqxonalar 24 oylik imtiyozli davr bilan 5 yilda boʻlib toʻlash sharti bilan lizingga beriladi.

Ushbu yangi tartib dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish va daromadni oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing