Bangladeshda Bosh vazir qarorgohi namoyishchilar tomonidan egallandi

Dunyo

Bosh vazir Shayx Hasina mamlakatdagi ommaviy norozilik namoyishlari ortidan iste’foga chiqdi va mamlakatni tark etdi. Uning hozirgi joylashuvi noma’lum.

Bangladeshda Bosh vazir qarorgohi namoyishchilar tomonidan egallandi
Dushanba kuni minglab odamlar bosh vazir qarorgohi bo‘lgan "Ganobhaban"ga bostirib kirishdi. Hozircha davlat boshqaruvida kim ekanligi ma’lum emas. BBC xabar berishicha, armiya qo‘mondoni siyosiy partiyalar yetakchilari bilan muloqotda bo‘lib, yaqin orada matbuot anjumani o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Yakshanba kuni politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda kamida 90 kishi halok bo‘ldi, ular bosh vazir Shayx Hasinaning iste’fosini talab qilayotgan edi. Halok bo‘lganlar orasida 13 nafar politsiyachilar ham bor.

Iyul oyida davlat xizmatidagi kvota tizimini bekor qilish talabi bilan boshlanib ketgan talabalar norozilik namoyishlari natijasida shu kungacha 280 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Dhakada politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlarni ishlatdi, bosh vazir esa mamlakatda mobil internetni uzishni buyurdi.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk Bangladesh hukumatini zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirdi. U, shuningdek, dushanba kuni Dhakada rejalashtirilgan katta namoyish haqida tashvish bildirib, vaziyatning yanada keskinlashishi xavfi borligini ta’kidladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing