Bektemir Business City: Toshkentda qiymati $1,2 mlrd bo‘lgan loyiha amalga oshiriladi

O'zbekiston

Toshkent shahrining Bektemir tumanida qiymati qariyb $1,2 mlrd bo‘lgan Bektemir Business City yirik shahar majmuasini barpo etish rejalashtirilmoqda. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha qaror Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan tasdiqlangan.

Bektemir Business City: Toshkentda qiymati $1,2 mlrd bo‘lgan loyiha amalga oshiriladi
Qurilish uchun «Bektemir» va «Abay» mahallalaridagi Bektemir shoh ko‘chasi bo‘ylab hududlar, shuningdek, «Zabardast» mahallasida Toshkent halqa avtomobil yo‘li yaqinidagi yer maydoni belgilangan. Majmuaning umumiy maydoni 58 gektarni tashkil etadi.

Loyiha ko‘p qavatli turar joylar, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, ijtimoiy infratuzilma, savdo va ko‘ngilochar maskanlarni o‘z ichiga olgan zamonaviy shahar muhitini yaratishni nazarda tutadi.

Loyihaning buyurtmachisi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Olmazor Business City qurilishi va ekspluatatsiyasi direksiyasi etib belgilangan. Investorlarni jalb qilish uchun alohida loyihalarga mo‘ljallangan yer uchastkalari elektron onlayn-auksionlar orqali sotiladi. Tushgan mablag‘lar majmuaning ichki infratuzilmasi va muhandislik kommunikatsiyalarini barpo etishga yo‘naltiriladi.

Loyiha poytaxtni 2026–2027-yillarda rivojlantirish bo‘yicha kengroq rejaning bir qismi hisoblanadi. Unda «15 daqiqalik shahar» konsepsiyasini joriy etish, metro tarmog‘ini kengaytirish, elektrobuslar xarid qilish va 140 km uzunlikdagi 100 ta ko‘chani jamoat va sayyohlik makonlariga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 35 ta davlat bozori va savdo majmuasini investorlar ishtirokida modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing