Belgiya Rossiya aktivlaridan foydalanish rejasini to‘xtatdi va reparatsiya kreditini “tubdan noto‘g‘ri” deb atadi

Dunyo

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan reparatsiya krediti bo‘yicha YEI rejasi Belgiya qarshiligi tufayli to‘xtab qoldi. Bosh vazir Bart de Vever Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish g‘oyasini rad etib, Yevropa Ittifoqiga buning o‘rniga umumiy bozorlarda 45 milliard yevro qarz olishni taklif qildi.

Belgiya Rossiya aktivlaridan foydalanish rejasini to‘xtatdi va reparatsiya kreditini “tubdan noto‘g‘ri” deb atadi
Ursula fon der Lyayenga yo‘llagan maktubida de Vever bunday mexanizm misli ko‘rilmagan huquqiy va moliyaviy xavflarni keltirib chiqarishini hamda AQShning tinchlik muzokaralariga oid sa’y-harakatlariga zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidladi.

Belgiya xavotirlari

Brüsselda joylashgan Euroclear depozitarida 185 milliard yevroga yaqin Rossiya aktivlari saqlanayotgani sabab, Belgiya Moskvadan kelishi mumkin bo‘lgan javob choralaridan va xalqaro sud da’volaridan xavotirda. De Veverning qayd etishicha, tarixda davom etayotgan urush paytida suveren aktivlarni “qayta yo‘naltirish” holati biror marta kuzatilmagan.

Belgiya YEI davlatlaridan barcha moliyaviy xavflarni to‘liq qoplaydigan, shartsiz, qaytarib bo‘lmaydigan, birdamlikka asoslangan kafolatlarni talab qilmoqda.

YEIdagi pozitsiyalar farqi

Belgiya qarshiligiga qaramay, Germaniya, Polsha, Boltiqbo‘yi va Shimoliy Yevropa davlatlari reparatsiya kreditini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning fikricha, Ukrainani tiklash xarajatlarini avvalo Rossiya to‘lashi kerak.

Fon der Lyayen Yevroparlamentda YEI soliq to‘lovchilari yolg‘iz o‘zi harajatlarni ko‘tarmasligi kerakligini aytib, har qanday qaror xalqaro huquqqa mos bo‘lishi shartligini eslatdi.

Germaniya kansleri Fridrix Mers esa bunday qaror kelajakdagi tinchlik muzokaralarida YEI pozitsiyasini mustahkamlay olishini bildirdi.

Muzokaralar davom etmoqda

Yevrokomissiyaning uch varianti mavjud:

davlatlarning ikki tomonlama hissalari;

YEI tomonidan umumiy qarz olish;

Rossiya aktivlariga asoslangan reparatsiya krediti.

Ammo de Veverning maktubi mazkur mexanizmni 18–19 dekabr kunlari bo‘ladigan YEI sammitiga qadar kelishish qiyinligini ko‘rsatmoqda.

Keskin bayonotlarga qaramay, Belgiya bosh vaziri mexanizmni butunlay rad etmaydi, ammo kuchli huquqiy kafolatlarni talab qilmoqda.

Bu orada Rossiya muzlatilgan aktivlarga tegishni “o‘g‘irlik” deb atab, javob choralarini qo‘llashi haqida ogohlantirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing