Bolgariya o‘z hududida $55 mlnga NATO bazasini quradi

Dunyo

Bolgariya Mudofaa vaziri 2025-yilgacha NATOning yangi harbiy bazasi qurilishini ma’lum qildi. Unga koʻra, harbiy bazani joylashtirish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan va uni qurish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ning bir qismi NATO tomonidan ajratiladi.

Bolgariya o‘z hududida $55 mlnga NATO bazasini quradi
Bolgariyada NATOning ko‘p millatli jangovar guruhini joylashtirish uchun harbiy baza quriladi, uning qiymati 100 million levadan (taxminan 55 million dollar) oshadi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vaziri Todor Tagarev parlamentning mudofaa bo‘yicha komissiyasi yig‘ilishida maʼlum qildi.

"Kerakli infratuzilmani qurish — kazarmalar, jihozlarni saqlash uchun binolar, NATOning ko'p millatli jangovar guruhi uchun yo'l tarmog'ini tayyorlash xarajatlari 100 million levadan oshadi. Yakuniy natija kichik [harbiy] shahar bo'lishi kerak. Baza 2025-yilgacha tayyor bo‘lishi lozim”, dedi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, harbiy bazani joylashtirish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan va uni qurish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ning bir qismi NATO tomonidan ajratiladi.

Bolgariya 2004-yildan beri NATO aʼzosi. U ittifoqqa keng ko'lamli kengayish doirasida qo'shildi, bir vaqtning o'zida yetti davlat, jumladan Boltiqbo'yi mamlakatlari NATOga qo'shildi. Mamlakatda AQShning to‘rtta harbiy bazasi, jumladan, ikkita havo bazasi joylashgan. U yerda bir vaqtning o‘zida 2,5 minggacha amerikalik askar joylashtirilishi mumkin.

Shu yilning iyul oyida Bosh vazir Nikolay Denkov Bolgariya qurolli kuchlarini modernizatsiya qilishga chaqirgan edi. U 16 ta F-16 samolyoti va ikkita ko‘p maqsadli kema sotib olishini ma’lum qildi.

“Bundan tashqari, Bolgariyada joylashgan NATO askarlari soni 5 mingga yetkaziladi”, dedi vazir.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing