«Buxoro — 2030»: viloyatni rivojlantirishning yangi strategiyasi loyihasi ma’qullandi

O'zbekiston

Buxoro viloyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasi Xalq deputatlari viloyat Kengashining 31-sessiyasida ma’qullandi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan.

«Buxoro — 2030»: viloyatni rivojlantirishning yangi strategiyasi loyihasi ma’qullandi
Loyihani Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari A. Abduqodirov taqdim etdi. Strategiya viloyatning raqobat ustunliklari, mavjud muammolari va milliy ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadlarini belgilaydi.

Asosiy vazifalar qatoridan yalpi hududiy mahsulot va aholi daromadlarini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, gaz-kimyo, neft-gaz, qurilish, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, mashinasozlik va kimyo sanoatida yirik loyihalarni amalga oshirish hamda Made in Bukhara brendini xalqaro bozorlarda rivojlantirish o‘rin olgan.

Strategiyada ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish, zamonaviy xizmat infratuzilmasini yaratish hamda «Buxoro 24/7» konsepsiyasini amalga oshirish nazarda tutilgan. Shuningdek, ta’lim sifati, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, axborot texnologiyalari va transport-infratuzilmasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

Strategiyaning muhim yangiliklaridan biri hududlarni funksional ixtisoslashtirish modelining joriy etilishi bo‘ldi. Muhokamalar yakunida loyiha ma’qullanib, belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing