Samarqandda ilk O‘zbekiston–Gruziya turizm biznes-forumi bo‘lib o‘tadi

O'zbekiston

17 avgust kuni Samarqandda turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan ilk O‘zbekiston–Gruziya biznes-forumi bo‘lib o‘tadi. Unda Gruziyaning 10 dan ortiq yetakchi turizm kompaniyalari hamda O‘zbekiston turizm biznesi vakillari ishtirok etadi.

Samarqandda ilk O‘zbekiston–Gruziya turizm biznes-forumi bo‘lib o‘tadi
Forum Hilton Samarkand Regency mehmonxonasida soat 09:00 da boshlanadi. Tadbirning asosiy qismi ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi biznes muzokaralariga bag‘ishlanadi.

Ishtirokchilar tajriba almashish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish, yangi turistik mahsulotlarni ishlab chiqish, o‘zaro turistik oqimni oshirish hamda ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi biznes aloqalarni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va turizm sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini izlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Ilk biznes-forum O‘zbekiston va Gruziya turizm biznesi vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun maydon yaratib, kelgusidagi hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini beradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing