Venesuela neft zaxiralarining beshdan bir qismi ustidan nazoratni AQShga topshirmoqda

Dunyo

Venesuela Milliy assambleyasi mamlakat neft zaxiralarining qariyb beshdan bir qismiga aloqador aktivlar ustidan AQSh nazoratini kengaytiruvchi bitimni ma’qulladi. Kelishuv Vashingtonga 17 ta neft koniga imtiyozli kirish imkonini berib, neft aktivlarini boshqarishda AQSh ta’sirini kuchaytiradi.

Venesuela neft zaxiralarining beshdan bir qismi ustidan nazoratni AQShga topshirmoqda
Bitim shartlariga ko‘ra, venesuelalik tadbirkor Alejandro Betankur boshchiligidagi North American Blue Energy Partners (NABEP) kompaniyasi AQSh hukumatiga qazib olinayotgan neftning 20 foizini tannarxida sotib olish huquqini beradi. AQSh tomoni kompaniyaning 35 foiz ulushini oladi, uning direktorlar kengashida esa AQSh fuqarolari ko‘pchilikni tashkil etishi kerak. Vashington kengash a’zolarini tayinlashga veto qo‘yish huquqiga ham ega bo‘ladi.

Kelishuv doirasida Rossiya va Xitoy kompaniyalari tomonidan avval boshqarilgan obyektlarga ham AQSh tomoni kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio kelishuv neft qazib olish hajmini oshirish va Venesuela neft sanoatiga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qilishini bildirdi.

Oq uy kelishuvni AQShda benzin narxlarini pasaytirish hamda mintaqada Rossiya va Xitoy ta’sirini cheklash maqsadi bilan ham bog‘lamoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp neft kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvdan so‘ng mamlakatning energetik salohiyatidan foydalanishni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Venesuelada Milliy assambleya raisi Xorxe Rodriges va mudofaa vaziri Gustavo Gonsales Lopes bitimni qo‘llab-quvvatladi. Biroq muxolifatdagi ayrim deputatlar kelishuv shartlari bilan avval tanishish zarurligini bildirgan holda ovoz berishda betaraf qoldi.

Bitimni imzolash chorshanbaga rejalashtirilgan. AQSh energetika vaziri Kris Rayt seshanba kuni Venesuelaga yetib keldi. Shu kuni Chevron kompaniyasi mamlakatdagi faoliyatini sezilarli darajada kengaytirishini e’lon qilishi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing