Estoniya parlamenti Yulle Madizeni mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi

Dunyo

Estoniya parlamenti — Riigikogu — 2-sentabr kuni Adliya kansleri Yulle Madizeni mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi. Yashirin ovoz berishda u 101 deputatdan 71 nafarining qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘ldi. Saylanish uchun kamida 68 ta ovoz talab etilgan.

Estoniya parlamenti Yulle Madizeni mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi
Madize prezidentlik saylovlarida rasman ro‘yxatdan o‘tgan yagona nomzod bo‘lgan. Uning nomzodini Riigikoguning 75 deputati ilgari surgan.

Yangi prezident Alar Karisning o‘rnini egallaydi. Uning besh yillik vakolat muddati oktabr oyida yakunlanadi. Karis avvalroq ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymasligini bildirgan. Madize 2026-yil 12-oktabrda lavozimga rasman kirishishi kutilmoqda.

Yulle Madize 1974-yil 11-dekabrda tug‘ilgan. U Tartu universitetining huquq fakultetini tamomlagan va konstitutsiyaviy huquq sohasida faoliyat yuritgan. 2015-yildan buyon Estoniya Adliya kansleri lavozimida ishlagan.

Estoniya prezidenti besh yil muddatga saylanadi. Parlament respublikasi bo‘lgan mamlakatda davlat rahbarining vakolatlari asosan vakillik funksiyalari bilan cheklangan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing