Centrum Air floti yangi havo kemasi bilan boyidi

O'zbekiston

Centrum Air aviakompaniyasi havo floti kengayganini e’lon qiladi: 2026-yil 14-may kuni Toshkentga o‘n oltinchi bort – UK32077 ro‘yxat raqamiga ega Airbus A320-214 yetib keldi.

Centrum Air floti yangi havo kemasi bilan boyidi
Airbus A320 – o‘rta masofali yo‘nalishlarda o‘zini oqlagan, dunyodagi eng ishonchli va keng foydalaniladigan tor fyuzelyajli laynerlardan biridir. Havo kemasi 186 yo‘lovchi o‘rniga mo‘ljallangan boʻlib, bortda yuqori darajadagi qulaylik ta’minlangan. 

Yangi bort aviakompaniyaning operatsion imkoniyatlarini kuchaytiradi hmda Yaqin Sharq va MDH davlatlarining asosiy yo‘nalishlariga jalb etiladi.

Aviakompaniyaning ezgu an’anasiga ko‘ra, samolyotga o‘zbek madaniyati va tarixining yirik namoyandasi nomi berildi. Mazkur bort buyuk shoir, mutafakkir, davlat arbobi va ma’rifatparvar Alisher Navoiy nomi bilan ataldi. XV asrda yashab o‘tgan ushbu zotning merosi bugungi kunda ham o‘zbek o‘zligi va millatning ma’naviy buyukligi ramzi bo‘lib qolmoqda. A. Navoiy o‘zbek adabiyoti asoslarini yaratgan bo‘lib, bugungi kunda ham dunyodagi millionlab insonlar qalbidan chuqur joy olgan.

«Flotning kengayishi – aviakompaniya o‘sishining poydevoridir. Bu yangi yo‘nalishlar, marshrutlar tarmog‘ini kengaytirish va yo‘lovchilarimiz uchun aviaqatnovlar ochiqligini oshirish demakdir. Samolyotlarga O‘zbekistonning buyuk shaxslari nomini berish orqali esa nafaqat flotni shakllantiramiz, balki global aviatsiyada mamlakatimizning ramziy ishtirokini ham ta’minlaymiz», — dedi Centrum Air asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov.

Flotning to‘ldirilishi Centrum Air kompaniyasining parvozlar geografiyasini kengaytirish va aviatsiyadan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash borasidagi izchil strategiyasini aks ettiradi.

Bugungi kunda Centrum Air flotida to‘rtta nomli bort mavjud: Amir Temur (UK32070), Abdulla Qodiriy (UK67022), Beruniy (UK67009) va endilikda Alisher Navoiy (UK32077).

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing