Ozarbayjon va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklamoqda

Dunyo

Ozarbayjon va Rossiya 2024-yil dekabr oyida Azerbaijan Airlines samolyoti halokatidan so‘ng to‘xtatilgan ayrim to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yaqin kunlarda qayta yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu qaror ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni izchil normallashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.

Ozarbayjon va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklamoqda
Bu haqda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Rossiya tomoni bilan muzokaralar yakunida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fojiadan keyin joriy etilgan cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

Tomonlar aviahalokat oqibatlari, jumladan kompensatsiya masalalari hal etilganini ham tasdiqladi. Shuningdek, 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar rejasi imzolandi.

Muzokaralarda «Shimol — Janub» transport yo‘lagi, «3+3» mintaqaviy platformasi hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Jayhun Bayramovning ma’lum qilishicha, 2025-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,9 milliard dollarni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 2,5 foizga oshgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing