Centrum Air va Turkish Technic komponentlar puli xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ko‘p yillik shartnoma imzoladi

O'zbekiston

O‘zbekistonning eng yirik xususiy aviatashuvchisi, Centrum Holding xalqaro logistika va transport xoldingi tarkibiga kiruvchi Centrum Air aviakompaniyasi havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va kapital ta’mirlash (MRO) bo‘yicha dunyodagi yetakchi provayderlardan biri — Turkish Technic kompaniyasi bilan Airbus A320 flotiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘p yillik shartnoma imzoladi.

Centrum Air va Turkish Technic komponentlar puli xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ko‘p yillik shartnoma imzoladi
Turkish Technic kompaniyasining O‘zbekiston aviakompaniyasi bilan birinchi sherikligiga zamin yaratgan mazkur kelishuv tomonlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikning boshlanishini anglatadi.

Shartnoma doirasida Centrum Air Turkish Technic’ning keng qamrovli komponentlar pulidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa, oʻz navbatida, aviakompaniyaning ehtiyot qismlar bilan tezkor va kompleks ta’minlash orqali havo kemalarining uzluksiz ekspluatatsiyasini ta’minlashiga xizmat qiladi.

Turkish Technic bosh direktori va direktorlar kengashi a’zosi Mikail Akbulut hamkorlikni sharhlar ekan,  shunday dedi:
«Markaziy Osiyoning eng yirik aviatashuvchilaridan birini hamkorlarimiz qatorida qutlashdan mamnunmiz. Ushbu uzoq muddatli kelishuv kelgusidagi yaqin hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Komponentlar puli sohasidagi ko‘p yillik tajribamiz sharofati bilan ularning operatsion faoliyatini samarali qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaymiz. Yaqin yillarda hamkorligimiz uzoq muddatli va muvaffaqiyatli rivojlanishiga umid qilamiz».

O‘z navbatida, Centrum Holding asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov shunday ta’kidladi:
«Turkish Technic bilan hamkorlik operatsiyalarimiz ishonchliligi va samaradorligini oshirishda muhim bosqich hisoblanadi. Komponentlarni qo‘llab-quvvatlashning rivojlangan infratuzilmasidan foydalanish imkoniyati flotimiz va yo‘nalishlar tarmog‘imiz asosiy mintaqaviy hamda xalqaro bozorlarda kengayishi bilan birga, yuqori darajadagi operatsion barqarorlikni saqlab qolishimizga ham yordam beradi. Biz Turkish Technic’ning global ekspertizasini yuksak qadrlaymiz va ushbu hamkorlik Centrum Air’ning uzoq muddatli o‘sishi hamda operatsion mukammalligiga xizmat qilishiga ishonamiz».

Universal MRO xizmatlari yetkazib beruvchisi sifatida Turkish Technic xalqaro mijozlarning keng doirasi uchun texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash, muhandislik yordami, modifikatsiya, shuningdek, komponentlar yetkazib berish va havo kemalarini rekonfiguratsiya qilishni ta’minlaydi. Kompaniya zamonaviy angarlarga ega bo‘lib, beshta ishlab chiqarish maydonchasida yuqori sifatli xizmatlar, raqobatbardosh bajarish muddatlari va keng ko‘lamli ichki vakolatlarni taqdim etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing