Dalada suv hisoblagich o‘rnatgan fermerlar uchun soliq koeffitsiyenti kamaytiriladi

Iqtisodiyot

2025-yildan boshlab, dalada suv hisoblagich o‘rnatgan va tejamkor texnologiyalarni qo‘llaydigan fermerlar uchun soliq koeffitsiyenti kamaytiriladi.

Dalada suv hisoblagich o‘rnatgan fermerlar uchun soliq koeffitsiyenti kamaytiriladi
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 4-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimotida ma’lum qilindi.

Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Xususan, tuman irrigatsiya bo‘limlari va maxsus xizmatlar negizida “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilinadi. Ular ekskavator va boshqa texnikalar bilan ta’minlanadi. Bu sug‘orish tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish ishlarini 2 barobarga arzonlashtiradi.

Shuningdek, barcha sug‘orish tarmoqlarini xatlovdan o‘tkazish, egalari bo‘yicha biriktirish hamda har birining yagona identifikatsion raqamini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumki, joriy yildan dalagacha yetkazilgan 1 kub metr suv uchun soliq 100 so‘m etib belgilandi.

“Ko‘pchilikning ongida o‘rnashib qolgan “suv – tekin” degan tushunchani o‘zgartirish vaqti keldi. Suv iste’molchilari bilan hisob-kitobni shu tamoyil asosida yo‘lga qo‘yish taklif qilinmoqda. Jumladan, 2025-yildan boshlab, dalada suv hisoblagich o‘rnatgan va tejamkor texnologiyalarni qo‘llaydigan fermerlar uchun soliq koeffitsiyenti kamaytiriladi. Aksincha holatlarda esa oshiriladi. Shu bilan birga, suv yetkazib berish uchun to‘lovlar bekor qilinadi”, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing