Diplomatik hafta: Serbiya va Finlyandiya prezidentlari O‘zbekistonga keladi

O'zbekiston

O‘zbekiston uchun bu hafta xalqaro diplomatiyada sermahsul bo‘lishi kutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy masalalar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazadi, AQSh vakillarini qabul qiladi hamda Serbiya va Finlyandiya prezidentlari bilan oliy darajadagi muzokaralar olib boradi. Shuningdek, davlat rahbari Samarqandda o‘tkazilayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasida ishtirok etadi.

Diplomatik hafta: Serbiya va Finlyandiya prezidentlari O‘zbekistonga keladi
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qilganidek, Shavkat Mirziyoyevning joriy haftadagi ish rejasida iqtisodiy, diplomatik va madaniy yo‘nalishlardagi muhim tadbirlar belgilangan.

Bugun Prezident yurtimiz iqtisodiyotida kutilayotgan natijalar va 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazadi.

Kunning ikkinchi yarmida davlat rahbari AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor va AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau boshchiligidagi delegatsiyani qabul qiladi.

Shuningdek, bu hafta Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu nufuzli forum tarixda ilk bor Parijdan tashqarida o‘tkazilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ochilish marosimida nutq so‘zlab, madaniyat, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi.

Hafta davomida mamlakatimizga Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich va Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb rasmiy tashrif bilan keladi. Sammitlar doirasida tomonlar o‘zaro aloqalarni kengaytirish, savdo-investitsiya loyihalari va inson kapitali rivojiga oid masalalarni muhokama qiladilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing