$1 mlrd: O‘zbekiston va Ozarbayjon savdo hajmini oshirishga kelishib oldi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Ozarbayjon savdo aylanmasini 2030-yilga borib 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldi. Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 14-yig‘ilishida kelishuvga erishildi.

$1 mlrd: O‘zbekiston va Ozarbayjon savdo hajmini oshirishga kelishib oldi
O‘zbekiston delegatsiyasiga investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Ozarbayjon delegatsiyasiga esa iqtisodiyot vaziri Mikoil Jabborov boshchilik qildi.

2025-yil boshidan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga o‘sib, 200 million dollardan oshdi. Maqsadli ko‘rsatkichga erishish uchun tomonlar savdo, sanoat kooperatsiyasi va o‘zaro investitsiyalarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

"O‘zavtosanoat" va "Azermash" kompaniyalari hamkorligida Hojiqabul sanoat parkida Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 8900 ga yaqin avtomobil ishlab chiqarilgan. Ikkinchi zavod qurilmoqda. Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi 360 million dollardan ortiq qiymatdagi 15 ta loyihani moliyalashtirmoqda.

Savdo hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasi, 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan kooperatsiya rejasi va savdo missiyalari jadvali imzolandi. Shuningdek, ikki mamlakat biznesining to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligi uchun Tadbirkorlar kengashi tashkil etilmoqda.

Tashrif doirasida Laziz Qudratov Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Iyul oyi boshida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bokuga tashrifi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing