$25 mlrd gacha investitsiya: O‘zbekiston yangi moliyaviy markazni ishga tushirmoqda

Iqtisodiyot

O‘zbekiston mintaqaviy moliyaviy xabga aylanish yo‘lida yangi qadam tashlamoqda. Oliy Majlis Senati xalqaro kapitalni jalb etish va zamonaviy moliyaviy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan maxsus moliyaviy hududni tashkil etishni nazarda tutuvchi «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni ma’qulladi.

$25 mlrd gacha investitsiya: O‘zbekiston yangi moliyaviy markazni ishga tushirmoqda
Markazda Angliya va Uels umumiy huquqi tamoyillariga asoslangan alohida huquqiy rejim amal qiladi. Nizolarni ko‘rib chiqish uchun mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi.

Markaz ishtirokchilariga 2076-yilgacha soliq imtiyozlari, turli valyutalarda hisob-kitob qilish, jumladan raqamli aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish, xorijiy mutaxassislar uchun maxsus viza shartlari hamda mulkni himoya qilish kafolatlari taqdim etiladi.

Markaz xalqaro bank xizmatlari, qimmatli qog‘ozlar bozori, sug‘urta, islom moliyasi, fintech va raqamli aktivlar yo‘nalishlarini qamrab oladi.

2030-yilgacha markaz orqali qo‘shimcha $20–25 mlrd investitsiya jalb etish va 15 mingtagacha ish o‘rni yaratish kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing