Endi Byornem Buyuk Britaniya hukumatiga rahbar bo‘ldi

Siyosat

Buyuk Britaniyada hukumat rahbari almashdi. Leyboristlar partiyasi yetakchisi Endi Byornem qirol Charlz III tomonidan hukumat tuzish vakolatini olib, rasman bosh vazir lavozimiga kirishdi. Hokimiyat almashinuvi umumxalq saylovlarisiz amalga oshirildi, chunki Leyboristlar partiyasi parlamentdagi ko‘pchilikni saqlab qoldi.

Endi Byornem Buyuk Britaniya hukumatiga rahbar bo‘ldi
Bukingem saroyi ma'lumotiga ko‘ra, qirol Charlz III Kir Starmerning iste'fosini qabul qilib, Endi Byornemga yangi hukumatni shakllantirishni topshirdi. Byornem bu taklifni qabul qilib, bosh vazir sifatidagi faoliyatini boshladi.

Kir Starmer iyun oyida mahalliy saylovlardagi muvaffaqiyatsizlik va partiya ichidagi qo‘llab-quvvatlashning kamaygani sabab lavozimni tark etishini e'lon qilgan edi. Xayrlashuv nutqida u vorisiga muvaffaqiyat tilab, uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

56 yoshli Endi Byornem 2001-yildan buyon parlament a'zosi bo‘lib kelgan, G‘aznachilik bosh kotibi, madaniyat va sog‘liqni saqlash vaziri lavozimlarida ishlagan. 2017–2026-yillarda Buyuk Manchester meri sifatida faoliyat yuritib, samarali boshqaruvi uchun «Shimol qiroli» laqabini olgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Byornemning siyosiy qarashlari Starmernikiga nisbatan chaproq hisoblanadi. U davlatning iqtisodiyot va ijtimoiy siyosatdagi rolini kuchaytirish, arzon uy-joy qurilishini kengaytirish, infratuzilmaga investitsiyalarni oshirish hamda hududlarga kengroq vakolat berish tarafdori.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing