Farg‘onada turizm halqasi tashkil etiladi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoev Qo‘qon universitetida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi hamda Tepaqo‘rg‘on arxeologiya yodgorligini ko‘zdan kechirdi.

Farg‘onada turizm halqasi tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu ta’lim maskani 6 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan. O‘quv binolari, 500 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyi hamda axborot-kutubxona markazida yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Talabalarga 233 nafar professor-o‘qituvchi saboq bermoqda.

2022-yilda universitetning turizm fakulteti uchun ming o‘rinli yangi bino barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari milliy uslubdagi ushbu majmuani ko‘zdan kechirdi. Xorijdan professorlarni taklif etib, dual ta’lim tizimini keng qo‘llash, turizm tashkilotlari buyurtmasi asosida talabalarni maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi. Bu sohada yetuk nazariy va amaliy bilimlarga ega kadrlar ishlashini ta’minlaydi.

Shu yerda Farg‘ona turizm halqasini yaratishga oid konsepsiya taqdimot qilindi.

Farg‘ona turizm halqasidan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif obyektlari sonini 2 barobar oshirishdir. Buning uchun Farg‘ona, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yo‘nalishlariga kiritiladi. Umuman, halqada 577 ta maskan bo‘ladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.

Prezidentimiz universitet yonidagi Tepaqo‘rg‘on arxeologiya yodgorligini ham ko‘zdan kechirdi.

Yodgorlik shahar yoshini aniqlagani hamda qadimgi o‘rda o‘rnida joylashgani bilan ahamiyatlidir. Ya’ni bu yer Qo‘qon shahrining eng qadimiy asosidir.

Davlatimiz rahbari mazkur arxeologik yodgorlikni rekonstruksiya va konservatsiya qilib, "ochiq osmon ostidagi muzey"ga aylantirish tashabbusini bildirdi.

“Ziyorat o‘zi xayrli ish. Lekin millat tarixini ziyorat qilish yanada ulug‘ ne’mat. Bu yerda ana shunday sharoit yaratish kerak. Bu odamlarga, ayniqsa, yoshlarimizga ham bilim, ham g‘urur beradi. Qo‘rg‘on haqida chet ellardagi manbalarni o‘rganib, ma’lumotlarni boyitib borish ham zarur”, - dedi Prezident.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing