Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

O'zbekiston

Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yoʻlida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz. Ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.

Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi
28-avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yigʻildi.

Qatagʻon qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Vatan fidoyilari haqiga Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi. Elga osh tortildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qurʼon tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatagʻon qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti boʻldi.

– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Oʻttiz besh yildan buyon hech kimga qaram boʻlmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulugʻ kunlarda istiqlol va ozodlik yoʻlida halok boʻlgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.

Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha maʼnaviy kuch manbai boʻlib qolishini taʼkidladi.

– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu gʻoya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Aziz insonlar xotirasi qancha eʼzozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.

Keyingi yillarda qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi toʻliq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sunʼiy intellekt yordamida koʻrgazmalarning taʼsirchanligi oshirildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatagʻon qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.

2021-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatagʻon qurboni boʻlgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki oʻlimga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.

Soʻnggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini oʻrganishga bagʻishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon boʻlgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi oʻrganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi maʼlumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.

Muloqotda oʻtgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “oʻzbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatagʻonga uchragani qayd etildi. 1983-1990-yillarda 40 ming nafar oʻzbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini taʼkidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat boʻlib yashashni talab etadi.

– Bizning yoʻlimiz – tinchlik, doʻstlik va hamkorlik yoʻli. Oʻzbekiston ushbu yoʻldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.

Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod boʻlganimizning amaliy ifodasidir.

Hayot va kelajakni bilim hamda maʼrifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan doʻstona hamkorlik qilish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani taʼkidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uygʻoqlikka, bilim va maʼrifatga chaqirmagan. Ularning kurash va maʼrifat maktabi bugun ham gʻoyat dolzarb ahamiyatga ega.

Shu bois, yoshlarning sifatli taʼlim olishi, vatanparvar insonlar boʻlib voyaga yetishiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi oʻn yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz taʼlim olmoqda. Maktab va maktabgacha taʼlim tizimlarida ham muhim oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.

– Yoshlarni milliy gʻurur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy gʻurur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-gʻayratga toʻldiradigan qudratli kuch. Milliy gʻururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Margʻilonda Burhoniddin Margʻinoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻli – tinchlik, doʻstlik va bunyodkorlik, bilim hamda maʼrifat yoʻli ekanini tasdiqlaydi.

Soʻnggi oʻn yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega boʻldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga toʻgʻri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan oʻtgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod boʻlsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning oʻzi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.

Ulamolar qatagʻon qurbonlari va Vatan ozodligi yoʻlida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka barqaror boʻlishini tiladilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing