G20 sammitida Erdogʻan Rossiya-Ukraina urushini muzlatish rejasini taklif etdi

Dunyo

Turkiya prezidenti Braziliyadagi G20 sammitida Rossiya-Ukraina urushini muzlatish boʻyicha oʻz taklifini taqdim etdi.

G20 sammitida Erdogʻan Rossiya-Ukraina urushini muzlatish rejasini taklif etdi
Erdogʻanning takliflari orasida Ukrainaning NATOga aʼzolik masalasini 10 yilga kechiktirish va bosib olingan hududlar boʻyicha munozaralarni keyinga qoldirish bor.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan 18-noyabr kuni Rio-de-Janeyroda oʻtadigan G20 davlatlari rahbarlarining uchrashuvida ayni sharoitda Rossiya-Ukraina urushini muzlatish boʻyicha oʻz taklifini kiritishni rejalashtirgan.

Erdogʻanning taklifiga koʻra, Ukraina “Putinga yon berish sifatida” mamlakatning NATOga aʼzo boʻlishi masalasini muhokama qilishni kamida 10 yilga kechiktiradi.

Shuningdek, Erdogʻan Donbass sharqida demilitarizatsiya zonasini tashkil etish va u yerda “qoʻshimcha kafolat sifatida” xalqaro qoʻshinlarni joylashtirishni taklif qilmoqda. Bundan tashqari, Turkiya prezidenti Ukrainaga NATO aʼzosi boʻlmaslik uchun tovon sifatida harbiy taʼminot bilan taʼminlashni taklif etmoqda deb Bloomberg xabar berdi.

Turkiya rasmiylari Bloomberg bilan suhbatda Ukraina bunday taklifni qabul qilishi qiyin boʻlishini, ammo ularning fikricha, “bu eng real yondashuv” ekanini aytgan. Agentlikning yozishicha, Turkiya rasmiylari “bosib olingan hududlarning taqdiri haqidagi munozaralarni uzoq muddatli istiqbolga qoldirmoqchi va asosiy eʼtiborni oʻt ochishni toʻxtatishni taʼminlashga qaratmoqchi”.

Erdogʻan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Istanbuldagi muzokaralarda ishtirok etishga koʻndira olishiga umid qilmoqda, chunki agentlik manbalariga koʻra, Turkiya rahbari “Ukraina harbiy harakatlar toʻxtatilmasa, yaqin oylarda yana koʻplab hududlarni yoʻqotishi mumkinligidan dalolat beruvchi razvedka maʼlumotlarini olgan”.

G20 sammiti 18−19-noyabr kunlari Rio-de-Janeyroda boʻlib oʻtadi. Rossiya va Turkiya G20 aʼzosi, Ukraina esa yoʻq. Ukraina prezidenti sammitda ishtirok etmaydi, chunki Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva Zelenskiyning taklif qilish haqidagi iltimoslarni eʼtiborsiz qoldirdi, deb yozadi Bloomberg.

Meduzaʻning yozishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hibsga olish boʻyicha xalqaro order amal qilayotgani sababli sammitga bormasligini maʼlum qilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 16-noyabr kuni “Suspilne” nashriga bergan intervyusida Ukraina hukumati urush 2025-yilda diplomatik yoʻl bilan tugashi uchun “barcha choralarni koʻrishi kerak” deb ta'kidlagan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing