Gaagada Ukraina uchun reparatsiyalar mexanizmi ishga tushirilmoqda

Dunyo

Gaaga shahrida Ukrainaga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya masalalariga oid yangi xalqaro mexanizm ishga tushirildi. O‘nlab davlatlar va Yevropa Ittifoqi vakillari maxsus komissiya tuzish to‘g‘risidagi konvensiyani imzoladi.

Gaagada Ukraina uchun reparatsiyalar mexanizmi ishga tushirilmoqda
Gaaga shahrida urush natijasida Ukrainaga yetkazilgan zarar bo‘yicha da’volarni ko‘rib chiqadigan xalqaro komissiya tashkil etildi. Uni tuzish haqidagi konvensiyani 34 davlat hamda Yevropa Ittifoqi imzoladi.

Komissiya Yevropa Kengashi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, uning qarorgohi Gaagada joylashadi. Ochilish marosimida Yevropa davlatlari vakillari, jumladan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaja Kallas ishtirok etdi.

Yevropa Kengashi bosh kotibi Alen Berset mazkur komissiya tuzilishini jabrlanganlar uchun adolatni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam deb baholadi va davlatlarni konvensiyani tez fursatda ratifikatsiya qilishga chaqirdi.

Shu bilan birga, komissiya bevosita kompensatsiya to‘lamaydi. Uning vazifasi Ukrainaga yetkazilgan zarar bo‘yicha da’volarni ko‘rib chiqish, baholash va mumkin bo‘lgan to‘lovlar miqdorini belgilashdan iborat. Kompensatsiya manbalari hozircha aniqlanmagan.

Mazkur organ Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha shakllanayotgan xalqaro mexanizmning ikkinchi bosqichi hisoblanadi. Avvalroq zararlar reyestri yaratilgan bo‘lib, unga 80 mingdan ortiq ariza kelib tushgan. Keyingi bosqichda kompensatsiya jamg‘armasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing