Germaniyada O‘zbekiston mahsulotlarining ilk rasmiy savdo uyi va shou-rumi ochildi

Iqtisodiyot

Germaniya poytaxti Berlin shahri markazida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi hamda germaniyalik ishbilarmonlar tashabbusi bilan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar “UZ Trade House Germany” ilk savdo uyi va shou-rumi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Savdo uyi mamlakatimiz Savdo-sanoat palatasining GFRdagi rasmiy vakolatxonasi sifatida faoliyat yuritadi.

Germaniyada O‘zbekiston mahsulotlarining ilk rasmiy savdo uyi va shou-rumi ochildi
Shou-rum Berlin shahrining qoq markazidagi “Brandenburg darovozasi” yonidagi eng nufuzli mehmonxonalardan biri “Adlon” oteli binosida faoliyat yuritadi. Uning rastalarida O‘zbekiston to‘qimachilik, qishloq ho‘jaligi, oziq-ovqat, elektrotexnika va boshqa sanoat tarmoqlarining eksportbob mahsulotlari doimiy ravishda namoyish etiladi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 2-dekabr kuni Germaniya rasmiy va ishbilarmon doira vakillari hamda vatandoshar ishtirokida mamlakatimiz savdo-iqtisodiy va turizm salohiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi D.Axatov, Germaniya kichik va o‘rta biznes federal uyushmasi rahbari A.Yan, Germaniya Bundestagining iqtisodiyot va energetika ko‘mitasi a’zosi S.Ludvig hamda “UZ Trade House Germany” savdo uyi rahbari J.Bakoslar so‘zga chiqtilar.

Endilikda, mamlakatimiz firma va kompaniyalari savdo uyi bilan aloqalar o‘rnatib, nafaqat o‘z mahsulotlarini Germaniya va boshqa nemiszabon mamlakatlariga eksportini amalga oshirishda, balki xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda ham “UZ Trade House Germany” bilan hamkorlik o‘rnatishlari mumkin.

Savdo uyi direktori J.Bakos fikricha, “UZ Trade House Germany” savdo uyi “Made in Uzbekistan” brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Germaniyada bozoriga yetkazib berishda o‘zbek va nemis kompaniyalari orasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaradi hamda ikki mamlakat biznes vakillarining hamkorlik o‘rnatishiga ko‘maklashadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing