Germaniyada qashshoqlik yoqasida turgan nafaqaxo‘rlar soni ortib bormoqda

Dunyo

Germaniyada qashshoqlik xavfi ostida yashayotgan "pensionerlar" soni ortib bormoqda. 2024 yil ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 3,54 million kishiga yetdi, bu esa umumiy nafaqaxo‘r aholining 19,6 foizini tashkil etadi. Federal statistika boshqarmasi taqdim etgan ushbu raqamlar «Sara Vagenknecht ittifoqi» so‘l populistik partiyasining Bundestag fraksiyasi tomonidan ommaga e’lon qilindi.

Germaniyada qashshoqlik yoqasida turgan nafaqaxo‘rlar soni ortib bormoqda
RedaktionsNetzwerk Deutschland axborot agentligi xabariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 300 ming nafarga yoki 1,2 foizga oshgan. Germaniyada faqatgina nafaqaxo'rlar emas, balki umumiy aholi orasida ham qashshoqlik xavfi ortib bormoqda. Mamlakat bo‘ylab moddiy qiyinchilikka duch kelayotganlar ulushi 1,1 foiz punktga oshib, 15,5 foizga yetdi.

Germaniya qonunchiligiga ko‘ra, agar inson o‘rtacha ish haqining 60 foizidan kam daromad olsa, u qashshoqlik xavfi ostidagi shaxs deb hisoblanadi. 2024 yilda ushbu mezon bo‘yicha bir kishi uchun oyiga 1378 yevro, ikki nafaqaxo‘r va ikki farzanddan iborat oila uchun esa 2893 yevro daromad chegarasi belgilandi.

Germaniyada nafaqa tizimi yillar davomida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. So‘l populist partiya yetakchisi Sara Vagenknecht buni “mega-muammo” deb atadi va hukmron sotsial-demokratlarning pensiya siyosatini tanqid qildi. U Avstriya modeliga asoslangan pensiya tizimini joriy etishni taklif qildi. Ushbu modelga ko‘ra, davlat xizmatchilari va yakka tartibdagi tadbirkorlar ham majburiy ravishda pensiya fondiga hissa qo‘shishlari kerak bo‘ladi.

Vagenknechtning takliflari Germaniyada ijtimoiy tengsizlik muammolarini bartaraf etish bo‘yicha yangi bahslarga sabab bo‘lishi kutilmoqda. Ekspertlar pensiya tizimidagi inqirozni hal qilish uchun islohotlar zarurligini ta’kidlamoqda, chunki mamlakatda qariyalar soni ortib borayotgani sababli ijtimoiy ta’minotga bo‘lgan bosim ham kuchaymoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing