HAMAS hokimiyatdan ketishga tayyor, ammo qurol masalasi ochiq

Dunyo

HAMAS harakati AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan ilgari surilgan sulh rejasiga muvofiq G‘azo sektoridagi boshqaruvni mustaqil falastinlik texnokratlar qo‘mitasiga topshirishga tayyorligini bildirdi. Biroq eng muhim va bahsli masala — jangarilarni qurolsizlantirish — hanuz ochiq qolmoqda.

HAMAS hokimiyatdan ketishga tayyor, ammo qurol masalasi ochiq
Harakat ma’lumotiga ko‘ra, HAMASning ma’muriy tuzilmalari hokimiyatni siyosatdan xoli mutaxassislar qo‘mitasiga topshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yaqin kunlarda Tramp G‘azodagi yangi boshqaruvni nazorat qilishi kerak bo‘lgan “Tinchlik kengashi” tarkibini e’lon qilishi kutilmoqda.

Texnokratlar nomlari hozircha oshkor etilmagan. Shuningdek, ularning Isroil va AQSh tomonidan to‘liq ma’qullanishi noma’lum. The Times of Israel nashrining yozishicha, Isroil xavfsizlik xizmati SHABAK 12 nomzoddan iborat ro‘yxatdan sakkiztasini dastlabki bosqichda ma’qullagan.

Bu hafta Qohirada HAMAS va boshqa falastin fraksiyalari vakillari Misr vositachilari bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan. G‘azo boshqaruvi, HAMASni qurolsizlantirish va xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirish masalalari “Tinchlik kengashi” nazoratida bo‘lishi kerak.

10 oktyabrda kuchga kirgan sulh hali birinchi bosqichda. Muzokaralar 2023 yil 7 oktyabr hujumida halok bo‘lgan so‘nggi isroillik garovga olingan shaxsning jasadini qaytarish masalasi tufayli murakkablashmoqda.

HAMAS siyosiy nazoratdan voz kechishga tayyorligini bildirsa-da, aynan qurolsizlanish masalasi barqaror kelishuvga erishish yo‘lidagi asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing