Ostonada O‘zbekiston va Qozog‘iston raqamli rivojlanish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

Texnologiya

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi 2-3 sentabr kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Raqamli inklyuziya va transformatsiya bo‘yicha Osiyo – Tinch okeani vazirlar konferensiyasi”da ishtirok etdi. Tadbir Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) tomonidan tashkil etilgan.

Ostonada O‘zbekiston va Qozog‘iston raqamli rivojlanish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Konferensiya doirasida, O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qozog‘istonning Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri J.Madiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi raqamli hamkorlikning istiqbollari, raqamli ko‘nikmalarni oshirish va raqamli transformatsiyaga oid masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, raqamli innovatsiyalarni jadallashtirish uchun zarur mintaqaviy hamkorlik rejalarini ko‘rib chiqdi. Bu borada mintaqada raqamli inklyuzivlikni ta'minlash va mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, ikki davlatning kosmos sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish va bu borada joriy yil oxiriga qadar tahliliy ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi raqamli rivojlanish va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing