Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi

O'zbekiston

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tabrik maktubi yo‘lladi.

Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi
“Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Aziz Birodar,

O‘z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizni hamda Siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqini muhim sana — O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan davr mobaynida qardosh O‘zbekiston har tomonlama va jadal rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi, katta muvaffaqiyatlarga erishdi, xalqaro maydonda va mintaqada yuksak nufuz hamda hurmat qozondi.

Sizning dono rahbarligingiz va strategik qarashlaringiz tufayli mamlakatingizda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi, iqtisodiy taraqqiyotga erishildi, aholi farovonligi ta’minlandi.

O‘zbekistonning oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarga erishishi, barcha muvaffaqiyatlari zamirida Sizning tinimsiz mehnatingiz, shuningdek, xalqingizning Sizga bo‘lgan katta ishonchi va Siz olib borayotgan qat’iy davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlashi yotadi. Qardosh mamlakat va ittifoqchi sifatida biz O‘zbekistonning har bir muvaffaqiyatini o‘z muvaffaqiyatimiz deb bilamiz va bundan faxrlanamiz. Har gal betakror va mehmondo‘st yurtingizga tashrif buyurganimda, O‘zbekistonning muhim yutuqlariga guvoh bo‘laman. Qardosh mamlakatga yaqinda amalga oshirgan davlat tashrifimni va Siz bilan bo‘lgan uchrashuvni eng yoqimli taassurotlar bilan eslayman.

Umumiy tarixiy-madaniy rishtalar, buzilmas do‘stlik va birodarlikka asoslangan Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabatlari bugun o‘zining eng yuqori cho‘qqisidadir. O‘zbekiston bilan ikki tomonlama aloqalarimizni yanada har tomonlama rivojlantirish va chuqurlashtirish biz uchun ustuvor masalalardan biridir. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida davlatlararo aloqalarimiz va ittifoqchiligimiz kundan-kunga yanada mustahkamlanib, ko‘p qirrali hamkorligimiz yangi amaliy mazmun bilan boyib borayotganidan mamnunman.

Ishonamanki, bundan buyon ham birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan eng katta boyligimiz bo‘lgan Ozarbayjon-O‘zbekiston birligini himoya qilish va asrab-avaylash, har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish hamda ittifoqchiligimizni izchil mustahkamlashdek zimmamizga yuklangan sharafli vazifani muvaffaqiyatli davom ettiramiz.

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Ushbu tarixiy kunda Sizning va qardosh O‘zbekiston xalqining quvonchini baham ko‘rib, Sizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, oliy davlat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston Respublikasiga esa doimiy farovonlik, ravnaq va taraqqiyot tilayman.”

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing