IOI 2026: Toshkentda jahon informatika olimpiadasining ilk musobaqa kuni boshlandi

Texnologiya

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan 38-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2026) 11-avgust kuni tantanali ochilish marosimidan asosiy musobaqa bosqichiga o‘tdi. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yosh dasturchilar dasturlash, mantiqiy fikrlash va algoritmlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazmoqda.

IOI 2026: Toshkentda jahon informatika olimpiadasining ilk musobaqa kuni boshlandi
Olimpiadaning rasmiy ochilish marosimi 10-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova, Xalqaro informatika olimpiadasi prezidenti Sun Teck Tan, xalqaro tashkilotlar va IT sohasi vakillari, murabbiylar hamda ishtirokchilar qatnashdi.

Sherzod Shermatov olimpiadaning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani alohida ramziy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, mamlakatda IT va sun’iy intellektni rivojlantirishga e’tibor kuchaytirilayotganini qayd etdi. Vazir Muhammad al-Xorazmiyning ilmiy merosi, xususan, uning nomi «algoritm» atamasining kelib chiqishi bilan bog‘liqligini alohida ta’kidladi.

Sun Teck Tan IOIning asosiy vazifalaridan biri iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni informatika sohasida yuqori natijalarga intilishga ruhlantirish va bilim almashish uchun xalqaro maydon yaratishdan iborat ekanini qayd etdi.

Olimpiadaning ilk musobaqa kunida ishtirokchilar dasturlash, mantiqiy tahlil va murakkab algoritmik masalalarni yechish bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etmoqda. IOI 2026 Toshkentda 9–16 avgust kunlari davom etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing