Ispaniya va Portugaliyani keng ko‘lamli blekaut qamrab oldi

Dunyo

Ispaniya, Portugaliya va Fransiyaning janubiy hududlarida 28-aprel kuni kunduzi keng ko‘lamli elektr uzilishi sodir bo‘ldi. Megapolislar chiroqsiz qoldi, transportlar to‘xtadi, yo‘llarda tartibsizlik yuzaga keldi. Hodisa sabablari aniqlanmoqda, kiberhujum versiyasi istisno qilinmayapti.

Ispaniya va Portugaliyani keng ko‘lamli blekaut qamrab oldi
Buzilishlar bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etib, eng yirik shaharlar - Madrid, Barselona, Valensiya, Sevilya va Pamplonaga ta’sir ko‘rsatdi. Portugaliyada poytaxt Lissabon va boshqa hududlar chiroqsiz qoldi. Fransiya janubida, chegara hududlarida ham elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar qayd etilgan.

Uzilishlar tufayli Madrid va Valensiyada metro poyezdlari to‘xtab qoldi, ba’zi bekatlarda yo‘lovchilar evakuatsiya qilindi, Madridda esa svetoforlar ishlamayotgani sababli katta tirbandliklar yuzaga keldi.

Madridning Baraxas xalqaro aeroporti o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.

Ispaniya hukumati voqea yuzasidan tergov boshlagan. "Red Electrica" davlat energetika kompaniyasi elektr ta’minotini tiklash bo‘yicha favqulodda rejani ishga tushirdi va boshqa ta’minotchilar bilan hamkorlik qilmoqda. Milliy kiberxavfsizlik instituti blackoutga xakerlik hujumi sabab bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing