Toshkentda Xosilbek Eshnazarov xotirasiga bag‘ishlangan memorial ochildi

O'zbekiston

Toshkent shahrida Ichki ishlar bosh boshqarmasida xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan ichki ishlar xodimi Xosilbek Eshnazarov xotirasiga bag‘ishlangan memorial majmua ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Toshkentda Xosilbek Eshnazarov xotirasiga bag‘ishlangan memorial ochildi
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, poytaxt jamoatchiligi vakillari, marhumning hamkasblari hamda oila a’zolari ishtirok etdi. Marosim davomida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlar nomlari bitilgan memorial taxta ochildi. Ishtirokchilar yodgorlik poyiga gulchambarlar qo‘yib, qahramonlar xotirasini yod etdilar.

Ta’kidlanishicha, Xosilbek Eshnazarovning fidokorona xizmati va jasorati huquq-tartibot organlari xodimlari uchun ibrat bo‘lib xizmat qiladi. Uning hamkasblaridan biri Eshnazarov o‘z hayoti evaziga jinoyatchini to‘xtatib, yanada og‘ir oqibatlarning oldini olganini qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra, kichik serjant Xosilbek Eshnazarov vafotidan so‘ng «Jasorat» medali bilan taqdirlandi. Mukofot marhumning otasiga Ichki ishlar vaziri tomonidan topshirildi.

Davlat tomonidan marhumning oilasiga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kafolatlangan. Oilaga uch xonali kvartira berildi, idoraviy tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish ta’minlandi, shuningdek qizi va ikki o‘g‘lining oliy ta’lim olishi uchun ko‘mak beriladi.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 62-maktabda yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatiladi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida 118 nafar ichki ishlar xodimi halok bo‘lgan. Xosilbek Eshnazarov nomi ana shunday qahramonlar safidan joy oldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing