Inqiroz fonida sanksiyalar: Zaxarova YIni “iqtisodiy o‘z joniga qasd”da aybladi

Iqtisodiyot

Yaqin Sharqda mojaroning keskinlashuvi va neft yetkazib berishiga tahdid kuchayayotgan bir paytda Yevropa Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ko‘rib chiqmoqda. Moskvada esa bunday qarorlar Yevropa iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aytilmoqda.

Inqiroz fonida sanksiyalar: Zaxarova YIni “iqtisodiy o‘z joniga qasd”da aybladi
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi yangi cheklov choralarini muhokama qilishni “telbalik va iqtisodiy o‘z joniga qasd” deb atadi.

RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida u Yevropa Ittifoqi qarorlar qabul qilayotganda dunyodagi iqtisodiy vaziyat tez o‘zgarayotganini yetarli darajada hisobga olmayotganini aytdi. Uning fikricha, energiya bozorlari allaqachon Yaqin Sharqdagi keskinlashuv sabab bosim ostida qolgan.

Mariya Zaxarovaning ta’kidlashicha, ilgari G‘arb davlatlari sanksiyalarni Rossiya harakatlariga javob va Ukrainada demokratiyani himoya qilish zarurati bilan izohlab kelgan. Ammo hozirgi vaziyatda Yevropa rahbariyati global iqtisodiy xavflarni e’tiborsiz qoldirayotganini aytmoqda.

Energiya bozoridagi vaziyat 28-fevral kuni AQSh va Isroil tomonidan Eron hududidagi obyektlarga zarbalar berilishi ortidan yanada murakkablashdi. Tehron bunga javoban Isroil hududiga hamda AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy obyektlariga zarbalar bera boshladi.

Mojaroning keskinlashuvi energiya tashuvchilarining global tashilishiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Fors ko‘rfazi davlatlaridan neft va suyultirilgan gaz yetkazib berishda muhim yo‘nalish hisoblangan Ormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati deyarli to‘xtab qoldi.

Bu bo‘g‘oz orqali dunyo neft, neft mahsulotlari va LNG yetkazib berishining taxminan 20 foizi o‘tadi. Shu sababli bu hududdagi har qanday uzilish global energiya bozori va yoqilg‘i narxlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing