Yevropa Markaziy banki yangi yevro banknotalari dizaynining yakuniy variantlarini taqdim etdi

Iqtisodiyot

Yevropa Markaziy banki (YMB) yangi avlod yevro banknotalari uchun yakuniy dizayn variantlarini e’lon qildi hamda jamoatchilik muhokamasini boshladi. Uning yakunlariga ko‘ra, kelajakdagi banknotalar konsepsiyasi tanlab olinadi. Yakuniy bosqichga «Yevropa madaniyati» va «Yevropa tabiati» mavzulari chiqdi.

Yevropa Markaziy banki yangi yevro banknotalari dizaynining yakuniy variantlarini taqdim etdi
YMB ma’lumotlariga ko‘ra, tanlovga 1 200 ga yaqin dizayn loyihasi kelib tushgan. Ko‘p bosqichli saralashdan so‘ng har biri beshta banknota dizaynidan iborat ikki konsepsiya tanlab olindi.

Madaniyat mavzusidagi variantda Yevropa tarixida muhim o‘rin tutgan shaxslar tasvirlangan. Ular orasida Mariya Kallas (5 yevro), Lyudvig van Betxoven (10 yevro), Mariya Kyuri (20 yevro), Migel de Servantes (50 yevro), Leonardo da Vinchi (100 yevro) va Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Berta fon Zuttner (200 yevro) bor.

Muqobil konsepsiya Yevropaning tabiiy merosiga bag‘ishlangan. Unda banknotalarning old tomonida daryo manzaralari fonida Yevropa qushlari, orqa tomonida esa Yevropa Parlamenti, Yevropa Komissiyasi, Yevropa Markaziy banki, Yevropa Ittifoqi sudi, Yevropa kengashi va Yevropa Ittifoqi Kengashi hamda Yevropa Hisob palatasi binolari tasvirlanishi taklif etilgan.

YMB prezidenti Kristin Lagard yevrohudud aholisi yangi dizaynni tanlash jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi. Jamoatchilik muhokamasi yakunlangach, bank yangi banknotalarni ishlab chiqarishga tayyorgarlikning texnik bosqichiga o‘tadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing