Isroil Britaniyaning Sharqiy Quddusdagi konsulligini 30 kun ichida yopishni talab qildi

Dunyo

Isroil Britaniyaning Sharqiy Quddusdagi bosh konsulligini 30 kun ichida o‘z faoliyatini to‘xtatishga chaqirdi. Shu bilan birga, Londonning ayrim vakillariga Isroil hududini qisqaroq muddatda — yetti kun ichida tark etish talabi qo‘yildi.

Isroil Britaniyaning Sharqiy Quddusdagi konsulligini 30 kun ichida yopishni talab qildi
Reuters bu haqda Isroil rasmiysi va diplomatik manbalarga tayanib xabar berdi. Manbalarga ko‘ra, Isroilda AQSh boshchiligidagi G‘azo sektori bo‘yicha muvofiqlashtirish missiyasida ishlayotgan britaniyalik vakillar, shuningdek, G‘arbiy Sohildagi Ramallohda faoliyat yuritayotgan Britaniya diplomatlari yetti kun ichida mamlakatni tark etishi kerak.

Isroilning bu qarori Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ed Miliband G‘arbiy Sohildagi xalqaro huquq nuqtayi nazaridan noqonuniy deb hisoblanadigan yahudiy aholi punktlari bilan savdoni taqiqlashini e’lon qilganidan keyin qabul qilindi. London, shuningdek, ushbu aholi punktlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalarga nisbatan choralar ko‘rish hamda ular bilan bog‘liq tovar va xizmatlar reklamasini taqiqlashni rejalashtirmoqda.

Milibandning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar Isroil bilan xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi savdoga ta’sir qilmaydi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar avvalroq Britaniya choralariga javoban Quddusdagi Britaniya konsulligini yopish haqida e’lon qilgan edi. Boshqa choralar qatorida Britaniya vakillarini Kiryat-Gatdagi shtabdan chiqarish va Buyuk Britaniyaning Ramallohdagi Falastin ma’muriyati kuchlarini tayyorlashdagi ishtirokini to‘xtatish ham bor.

Bundan tashqari, Isroil 12 nafar britaniyalik siyosatchi va fuqaroga mamlakatga kirishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Saarning aytishicha, gap Isroilga qarshi va antisemitik faoliyatga aloqador hamda Isroilning mavjud bo‘lish huquqini inkor etuvchi shaxslar haqida bormoqda.

“Isroilga qarshi harakat qilgan har qanday tomon javobga duch keladi”, — dedi Saar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing