Isroil G‘azo sektorida mudofaa to‘siqlari tizimini kengaytirmoqda

Dunyo

Isroil G‘azo sektorining nazoratidagi hududlarini mustahkamlashni davom ettirmoqda. Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, qurilayotgan tuproq to‘siqlarining umumiy uzunligi 23 kilometrdan oshgan bo‘lib, qurilish ishlari anklavning bir nechta hududlarida davom etmoqda.

Isroil G‘azo sektorida mudofaa to‘siqlari tizimini kengaytirmoqda
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga ko‘ra, tuproq to‘siqlari «sariq chiziq» bo‘ylab barpo etilib, Isroil armiyasi nazoratidagi hududlarni sektorning qolgan qismidan ajratmoqda. Ayrim joylarda to‘siqlar vayron bo‘lgan falastin aholi punktlari orqali o‘tmoqda.

Isroil Mudofaa armiyasi mazkur inshootlar qurilayotganini tasdiqlab, ular kuzatuv va razvedka vositalari bilan jihozlangan xavfsizlik zonasining bir qismi ekanini bildirdi. Harbiylar ta’kidlashicha, to‘siqlar qurolli guruhlarning kirib kelishini oldini olish hamda harbiylar va chegara yaqinidagi aholi punktlari xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

AP ma’lumotlariga ko‘ra, eng faol qurilish ishlari sektor janubida olib borilmoqda. Shunga o‘xshash mudofaa inshootlari anklavning shimoliy hududlarida ham paydo bo‘lgan.

Hozirda Isroil G‘azo sektorining yarmidan ko‘prog‘ini nazorat qilmoqda. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, falastinliklarning katta qismi «sariq chiziq»ning g‘arbiy tomonidagi qirg‘oq hududlarida yashab, gumanitar yordamga tayanmoqda. Isroil tomoni muhandislik ishlari HAMAS infratuzilmasini yo‘q qilish va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilganini ta’kidlamoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing